Qurilish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda
Mamlakat taraqqiyoti, iqtisodiyot raqobatbardoshligi va mehnat bozori barqarorligi, avvalo, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega kadrlar tayyorlash tizimining samaradorligi bilan belgilanadi. Shu bois keyingi yillarda kasbiy ta’limni xalqaro standartlar asosida rivojlantirish va yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasida 2026-yilda mamlakatning yetti viloyatida Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlari hamda “Kasblar shaharchasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2027-yildan esa mazkur tajribani respublikaning barcha hududlarida joriy etish vazifasi belgilab berildi. Bu tashabbus kasbiy ta’lim tizimini tubdan yangilash, ish beruvchilar ehtiyojlariga mos kadrlar tayyorlash va xalqaro standartlarni ta’lim jarayoniga keng joriy etishga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbarining mazkur tashabbuslari huquqiy jihatdan ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Prezidentning 2026-yil 17-iyuldagi “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi қарорiга muvofiq ta’lim muassasalarida xalqaro dasturlarni keng joriy etish va mehnat bozori talablariga mos raqobatbardosh kadrlar tayyorlashning yangi tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda. Jizzaxda tashkil etilayotgan Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi ham mazkur vazifalarning amaliy ifodasi bo‘lib, ta’lim jarayoni Pearson va Avestos xalqaro dasturlari asosida tashkil etilmoqda.
Mazkur islohotlar doirasida Jizzax viloyatida Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi tashkil etildi. Jizzax shahrining Sayiljoyi mahallasida joylashgan ushbu ta’lim muassasasida yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda.
Avval Jizzax shahar 2-son texnikumi faoliyat yuritgan binoda rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Loyiha Jizzax viloyati hokimligining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi davlat muassasasi buyurtmachiligida bajarilayotgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 19 milliard 674 million 800 ming сўмni tashkil etadi.
Qurilish ishlari belgilangan reja asosida jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Yotoqxona binosida rekonstruksiya ishlari to‘liq yakunlanib, pardozlash bosqichiga o‘tilgan. O‘quv binosida ham asosiy qurilish ishlari yakuniga yetkazilmoqda.
— Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi viloyatimizdagi barcha texnikumlar uchun metodik va amaliy markaz vazifasini bajaradi, — deydi texnikum direktori Faxriddin Azimov. — Kelgusida hududimizdagi texnikumlar talabalari bu yerda amaliyot o‘taydi. Zamonaviy kasblarni xalqaro talablar asosida o‘rgatish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu maqsadda Germaniyadan eng so‘nggi rusumdagi o‘quv jihozlari keltirilmoqda.
Joriy o‘quv yili uchun qabul jarayoni to‘liq yakunlandi. Ilk bosqichda 100 nafar o‘quvchi ta’lim olishni boshlaydi.
O‘quv jarayoni to‘rtta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha xalqaro ta’lim dasturlari asosida tashkil etiladi. Bular axborot texnologiyalari (Pearson, Buyuk Britaniya), mashina va qurilmalar operatori (Avestos, Germaniya), avtomobillar mexatronikasi texnigi (Avestos, Germaniya) hamda qishloq xo‘jaligi va qurilish mashinalari mexanikasi (Avestos, Germaniya) yo‘nalishlaridir.
Ushbu ta’lim dasturlarini muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan bitiruvchilarga Buyuk Britaniya va Germaniyada ham e’tirof etiladigan xalqaro namunadagi diplomlar beriladi. Bu esa ularning nafaqat mamlakatimizda, balki xorijiy mehnat bozorida ham munosib o‘rin egallashi uchun mustahkam zamin yaratadi.
Loyihaning mantiqiy davomi sifatida Jizzaxda “Kasblar shaharchasi”ni barpo etish ham rejalashtirilgan. Zamonaviy majmua axborot-maslahat, texnologik, sanoat va muhandislik, servis va xizmat ko‘rsatish hamda mahorat maydonchasi kabi interaktiv zonalarni o‘z ichiga oladi.
Bu yerda maktab o‘quvchilari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblar bilan yaqindan tanishishadi, zamonaviy IT-platformalar orqali o‘z kasbiy moyilliklarini aniqlashadi. Shuningdek, texnikum ustaxonalarida real ishlab chiqarish uskunalarida amaliy mashg‘ulotlar o‘tashadi, master-klasslarda ishtirok etishib, amaliy loyihalarni bajarishadi. Ayniqsa, 9-sinf bitiruvchilariga qaysi texnikumda, qaysi kasb yoki mutaxassislik bo‘yicha tahsil olish maqsadga muvofiqligi yuzasidan individual maslahatlar beriladi.
Jizzax viloyatida Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va istiqbolda “Kasblar shaharchasi”ning tashkil etilishi kasbiy ta’lim tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Eng muhimi, mazkur ta’lim muassasasi mehnat bozori talablariga javob beradigan, xalqaro standartlar asosida tayyorlangan, zamonaviy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlashda muhim o‘rin tutadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri