Qulay ishbilarmonlik muhitining muhim asosi
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohada bo‘lgani kabi bank-moliya tizimida ham barqaror o‘sish sur’atlariga erishilmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida barcha sohada bo‘lgani kabi bank-moliya tizimida ham barqaror o‘sish sur’atlariga erishilmoqda. Xususan, bank tizimi kapitallashuvini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan maqsadli chora-tadbirlar tufayli banklar jami kapitali oxirgi besh yilda 3,5 barobar, 2013-yilda 2000-yilga nisbatan 46 barobar ko‘paydi.Global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz moliya bozorida yangi muammolarni yuzaga keltirdi. Inqiroz sharoitida aksariyat rivojlangan davlatlarda qaytarilmaydigan va muddati o‘tgan kreditlar muammosi chuqurlashib bormoqda. Natijada tijorat banklari bo‘lajak yo‘qotishlarni inobatga olgan holda, o‘z mablag‘i hisobidan tegishli zaxiralar miqdorini oshirishga majbur bo‘lmoqda.
Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida amalga oshirilayotgan bozor islohotlarining sur’ati va mantiqiy talablaridan kelib chiqqan holda, erkin bozor iqtisodiyoti munosabatlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan bir qator qonunlar qabul qilish vazifasi belgilab berildi. O‘zbekiston Respublikasining “Garov reyestri to‘g‘risida”gi qonuni shular jumlasidandir. Mamlakatimizda bank xizmatlari infrastrukturasini takomillashtirishga yo‘naltirilgan mazkur qonun 2013-yil 23-oktabrda qabul qilinib, joriy yilning 1-iyulidan kuchga kirdi.
Mazkur hujjatda garov reyestrini hisobga olishning yagona bazasini yaratishga doir huquqiy mexanizmlar belgilangan bo‘lib, ular garovga qo‘yilgan mol-mulkni hisobga olish, uni g‘ayriqonuniy ravishda realizatsiya qilish yoki boshqa shaxsga berishning oldini olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Shuningdek, kreditlar ajratishni kengaytirish, molk-mulkdan ta’minot sifatida foydalanish va tijorat banklari ta’minotga olgan molk-mulk asosida kredit xavfini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishda qo‘l keladi. Bu moliya bozorida mijozlarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini yuksaltirish va raqobatni kuchaytirishda muhim omildir.
Yangi qonun ijrosi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzurida “Garov reyestri” davlat unitar korxonasi tashkil etildi. Korxona garov reyestrining uzluksiz faoliyat yuritishini ta’minlash maqsadida internet tarmog‘ida “www.garov.uz” domeniga ega bo‘lib, foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 12-iyundagi “Garov reyestri to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Garov instituti yangi, endi ish boshlaganini e’tiborga olib, uning faoliyatini keng ommaga yetkazish uchun joylarda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda mutaxassislar va garov reyestriga yozuvlarni kiritish bilan shug‘ullanuvchi boshqa shaxslar uchun seminar-treninglar o‘tkazilmoqda.
– Garov reyestrining yuritilishi bank-moliya xizmatlarining rivojlanishiga xizmat qiladi, – deydi “Garov reyestri” davlat unitar korxonasi direktori Sherzod Xoliyorov. – Garov reyestri kreditorlar va investorlarga qarz oluvchining mulki to‘g‘risida obyektiv ma’lumotlar beradi. Shu bilan birga, banklarning kredit portfeliga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va kredit bozorining yanada faollashishiga xizmat qiladi. Natijada tadbirkorlik subyektlarining kredit ajratish to‘g‘risidagi arizalarini ko‘rib chiqish muddati qisqarib, o‘zaro to‘lovlar intizomiga rioya qilinishi ta’minlanadi.
Qonunga ko‘ra, garov reyestridan foydalanuvchilar garov reyestriga yozuvlar kiritishga va ularni o‘zgartirishga, garov reyestridan yozuvlarni chiqarib tashlashga, garov reyestridagi yozuvlarni izlash va izlash natijalari bo‘yicha ko‘chirmalar olishga haqli. Bunda barcha shaxslar, hech bir cheklovlarsiz garov reyestridan yozuvlarni izlashi mumkin. Garov reyestrining qolgan funksiyalariga kirishga, jumladan, izlash natijalariga ko‘ra garov reyestridan ko‘chirma berishga ruxsat faqat saytda shaxsiy kabinet ochgan shaxslarga beriladi. Buning uchun foydalanuvchidan garov reyestri saytiga elektron ariza berish talab etiladi.
Shu o‘rinda foydalanuvchi iborasiga qisqacha to‘xtalsak. Foydalanuvchi – garov reyestrini yurituvchi tashkilot bilan tuzilgan shartnoma asosida unga yozuv kiritish huquqiga ega kreditor, qarzdor sifatida qatnashayotgan yuridik va jismoniy shaxslar, qonunga muvofiq mol-mulkni tasarruf etish va undan foydalanishni cheklab qo‘yish huquqiga ega bo‘lgan tergov-surishtiruv organlari, davlat soliq va bojxona xizmati organlari hisoblanadi. Foydalanuvchi garov reyestriga yozuvlar kiritish bo‘yicha shartnoma bilan tanishish huquqiga ega. Foydalanuvchi shartnoma shartlarini qabul qilgan vaqtdan boshlab shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi.
Garov reyestridan ko‘zlangan asosiy maqsad – garov to‘g‘risidagi haqqoniy ma’lumotlarni yig‘ish, ularni qayta ishlagan holda foydalanuvchilarga taqdim etish hamda kreditorlarning garovga olingan mol-mulkka bo‘lgan ustuvor huquqlarini aniqlashdan iborat. Qonunning 9-moddasida qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, garov reyestriga yozuvni kiritish vaqti va sanasi kreditorning qarzdor o‘z majburiyatlarini bajarmagan hollarda boshqa kreditorlar va uchinchi shaxslardan oldin undiruvni qarzdorning mol-mulkiga qaratishga, boshqa talablarni qanoatlantirishga bo‘lgan navbatini, imtiyozli huquqini aniqlash uchun asos bo‘lishi belgilangan.
Mamlakatimizda garov reyestrining joriy qilinishi garov munosabatlarida mol-mulklarga nisbatan huquqlarning ochiqligini oshiradi. Natijada tadbirkorlik tuzilmalari va fuqarolarni moliyalashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga hamda kredit xavfini kamaytirilishiga erishiladi.
Ta’kidlash joizki, garov reyestrining joriy etilishi kreditlar hajmi sezilarli darajada o‘sishiga ta’sir ko‘rsatadi. Misol uchun, garov bilan ta’minlangan kredit ajratish butun dunyoda keng tarqalgan. Chunki garov mulki bank uchun kredit tavakkalchiligini sezilarli darajada pasaytirsa, qarz oluvchi uchun qaramog‘idagi mol-mulkini garov qo‘yish evaziga qulay, tez va maksimal darajada kredit olishiga imkon yaratadi.
Bundan tashqari, garov reyestri kredit qaytarilishiga kafillikka ehtiyoj qoldirmaydi. Qarz oluvchining mulki bozor qiymati hisobiga nisbatan ko‘proq va uzoq muddatga, qulay shartlarda kredit olish imkonini beradi.
Muxtasar aytganda, mamlakatimizda garov reyestri institutining joriy etilishi garov munosabatlarini takomillashtirib, kreditor va qarz oluvchi o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qiladi.