Quduqlarni ishga tushirish va kapital ta’mirlash ishlari jadallashtiriladi
“O‘zbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisi rahbarligida navbatdagi ishchi yig‘ilish o‘tkazilib, tabiiy gaz qazib chiqarish hajmini barqaror ta’minlash, quduqlarni ishga tushirish va kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Avgust oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan 27 ta quduq, jumladan, 11-20-avgust kunlari foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan 5 ta quduqdagi ishlar holati ko‘rib chiqildi. Ushbu quduqlar ishga tushirilishi natijasida kunlik qo‘shimcha 469 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilishda kapital ta’mirlanayotgan quduqlar holati ham ko‘rib chiqildi. Rejaga ko‘ra, oyning ikkinchi o‘n kunligida 6 ta gaz qudug‘ini kapital ta’mirdan chiqarib, ishga qo‘shish belgilangan. Hozirga qadar 4 ta quduq foydalanishga topshirilib, kunlik qo‘shimcha 130 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi. Qolgan quduqlar bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, ta’mirlash jarayonlarida sifat va xavfsizlikni ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, muddatini o‘tab bo‘lgan quduqlarni belgilangan tartibda likvidatsiya qilish, maxsus komissiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish va ishlarni normativ hujjatlar asosida tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Xitoyning “XIBU” kompaniyasi tomonidan burg‘ilanayotgan quduqlardagi ishlar ham muhokama qilinib, xorijiy mutaxassislar tajribasidan mahalliy kadrlar malakasini oshirishda samarali foydalanish zarurligi aytib o‘tildi.
Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr ta’minoti barqarorligi, texnik qurilmalar sozligi va ehtimoliy nosozliklarni oldindan bartaraf etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Har bir mas’ul rahbardan aniq natija va shaxsiy javobgarlik talab qilinishi ta’kidlandi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA