QQS: Korxonalarga qanday imtiyozlar berildi?
Vohada boshqa sohalar qatori yildan-yilga yuksalib borayotgan tikuv-trikotaj tarmogʻida ham ishlab chiqarish toʻxtagani yoʻq.
Mamlakatimizda joriy etilgan karantin davrida Surxondaryo viloyatidagi ayrim tadbirkorlik subyektlari vaqtinchalik oʻz faoliyatini toʻxtatgan boʻlsa-da, yirik sanoat korxonalarida ishlab chiqarish bir maromda karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilgan holda davom etayotir.
Vohada boshqa sohalar qatori yildan-yilga yuksalib borayotgan tikuv-trikotaj tarmogʻida ham ishlab chiqarish toʻxtagani yoʻq. Aksincha, ishlab chiqarayotgan mahsulotlariga qoʻshimcha niqob tayyorlashni oʻzlashtirib, aholini arzon va ishonchli himoya vositasi bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻydi.
Prezidentimizning joriy yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni bu jarayonda sohadagi ishlar koʻlamini yana-da kengaytirib, tarmoqni rivojlantirishga qulay muhit yaratdi.
– Koʻzga koʻrinmas ofat dunyo iqtisodiyotini inqirozga yetaklagan shu kunlarda davlatimiz tomonidan toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoati qoʻllab-quvvatlanib, ularga qator imtiyozlar berilgani sohani yana-da yuksaltirishda muhim oʻrin tutmoqda, – deydi viloyat davlat soliq boshqarmasi axborot xizmati rahbari I.Rahmatov. – Shunga asosan yangi yilgacha toʻqimachilik sanoati uchun qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi. Import qilinadigan xom ashyolar 2022-yilning 1-yanvariga qadar bojxona boji toʻlashdan ozod qilindi. Hozirgi sharoitda mazkur korxonalarning karantin talablariga qatʼiy amal qilgan holda uzluksiz faoliyat yuritayotgani ishchilar farovonligini, milliy iqtisodiyotimiz barqarorligi va byudjetga muntazam soliq tushumlari tushushini taʼminlamoqda.
Termiz shahridagi “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyatida tayyor tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqariladi. Germaniya, Italiya, Turkiya davlatlarining zamonaviy dastgohlari bilan jihozlangan korxonada mingdan ortiq ishchi mehnat qilmoqda. Sexlarda xavfli infeksiya tarqalishining oldini olish va ishchilarning salomatligini muhofaza qilish uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ishlab chiqarayotgan tayyor mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda talab ortib borayotgan korxona joriy yilning 1-choragida davlat byudjetiga 290 million soʻm, aprel oyida esa 74 million soʻm soliq toʻladi. Davlatimiz rahbari farmoni bilan tadbirkorlarga qoʻshilgan qiymat soligʻini qaytarishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgani sohaga qiziqishni yana-da oshirdi. Korxonani rivojlantirishga ishonch tuygʻusini mustahkamladi.
– Ushbu hujjat qabul qilinishidan ilgari qoʻshilgan qiymat soligʻining manfiy qoldigʻi yaʼni, tadbirkorlarga qaytarilishi lozim boʻlgan summalar valyuta tushumi tushgandan soʻng amalga oshirilayotgan edi, – deydi “ZIF TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati bosh hisobchisi Olimjon Sarfarazov. – Farmon qabul qilingach, valyuta tushumi tushishidan qatʼiy nazar qoʻshilgan qiymat soligʻi xarajatlarini hisobga olishga ruxsat berildi. Yana bir yangilik – shu paytgacha valyuta tushumining muddati 120 kalendar kun hisoblanar edi. Endilikda 180 kalendar kuni hisoblanadigan boʻldi. Bularning barchasi biz uchun katta imkoniyatdir.
Sohada qoʻllanilayotgan bu kabi imtiyozlar sinovli kunlarda toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatining iqtisodiy salohiyati, mahsulot sifati va hajmini oshirib, yangi ish oʻrinlari yaratishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻldi.