Qozonda xalqaro media anjuman: jurnalistikaning yangi qiyofasi muhokamada
Tataristonning Qozon shahrida XVII Xalqaro iqtisodiy forum – “Rossiya – Islom dunyosi: Qozon-Forum” doirasida “Meros kodi: ma’noning raqamli rivojlanishi” mavzusida media anjuman bo‘lib o‘tdi. Tadbir jurnalistika va mediada zamonaviy texnologiyadan foydalanish, bugungi imkoniyat va ehtimoliy xavf-xatardan himoyalanish masalalariga bag‘ishlandi.
– Hozir zamonaviy imkoniyatlardan madaniy-ma’naviy merosni asrab-avaylash yo‘lida qanday foydalanish masalasi kun tartibida, – dedi Tatarston Raisi yordamchisi, “Rossiya – Islom dunyosi” strategik guruhi raisi o‘rinbosari Marat Gatin yig‘ilishning ahamiyatini ta’kidlarkan. – Umid qilamizki, bu galgi uchrashuvlarimiz ham mazkur muammoni hal etishga muayyan hissa qo‘shadi. Rossiya va Islom dunyosi mamlakatlari o‘rtasidagi axborot hamkorligi yil sayin kengaymoqda. “Qozon-Forum” esa sohaga yangicha yondashuv hamda texnologiya mavzusini muhokama qilish uchun qulay maydonga aylandi.


– Bugungi voqelikda an’anaviy kommunikatsiya formati auditoriya ehtiyoji o‘zgarishi ortidan transformatsiyaga uchramoqda, – deydi “Tatmedia” Respublika matbuot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi rahbari Aydar Salimgarayev. – Shu bois trenddan ortda qolmaslik, an’analarni milliy madaniy merosni asrash jarayoniga moslashtirish lozim. Bu yil shahrimizga 29 davlatdan qariyb 400 jurnalist tashrif buyurgani mazkur anjumanga butun dunyoda qiziqish yuqoriligini ko‘rsatadi. Borgan sari geografiya ham kengaymoqda. Forumda har kim o‘zi uchun muhim, qiziqarli yangilik topa oladi.
Ishtirokchilar orasida turli davlatlar OAV rahbarlari, taniqli jurnalistlar ham ko‘p. Ular sohadagi yangi texnologiya, jumladan sun’iy intellektdan foydalanishga doir takliflar, ehtimol muayyan xavotirlar bilan ham o‘rtoqlashyapti.


– Biz noxolis axborot tez-tez paydo bo‘layotgan, ma’lumot buzib berilayotgan muhitda ishlayapmiz, – dedi IHT axborot departamenti rahbari Tariq Lajal. – Hozir faqat feykka qarshi kurashmayapmiz, balki axborot yaxlitligini ham himoya qilyapmiz. Yana bir chaqiriq – suverenitetni saqlab qolish. Bugungi kunda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo mamlakatlarning aksari o‘z tarixi va qadriyati xavfsizligini to‘liq nazorat qila olmaydi. Media jamiyat raqamli transformatsiya davrini muvaffaqiyatli bosib o‘tishi uchun bir necha chora zarur. Birinchisi – doimiy ravishda savodxonlikni oshirish. Endi shunchaki matn chop etish doirasidan chiqish kerak. Sun’iy intellekt texnologiyasi, ulkan ma’lumotlar bazasi bilan ishlashni o‘rganish, shuningdek til nuqtai nazaridan ham zamon bilan hamqadam bo‘lish juda muhim. Ikkinchi muhim jihat – axborot makonini raqamli vandalizmdan himoya qilish imkonini beruvchi doimiy hamkorlik. Uchinchi omil – hamma narsa inson manfaatiga xizmat qilishi kerakligini doim yodda tutish.


– Qozon dunyodagi eng yirik madaniy markazlardan biri bo‘lib qolmoqda, – dedi IHT mamlakatlari axborot agentliklari uyushmasi bosh direktori Muhammad al-Yamiy. – Demak, merosni saqlash jarayoniga yangi texnologiyani joriy etish masalasi aynan shu zaminda muhokama qilinishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor. Jamoamiz yangi texnologiyadan foydalanish ko‘lamini kengaytirish ustida faol ishlamoqda. SI tashkilotimiz faoliyati asosini tashkil qiladi. Masalan, media mahsulot yaratish uchun “Aqlli muharrir” dasturini ishga tushirdik, islom dunyosi jurnalistlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etdik.
“Qozon-Forum”da ilgari surilgan turli takliflar qatori IHT mamlakatlari yetakchi OAV vakillari uchrashuvlarini muntazam o‘tkazish, Global janub jurnalistlari tarmog‘ini yaratish va sohada SIdan samarali foydalanish bo‘yicha axloqiy me’yorni belgilash masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.


O‘tkir Alimov, O‘zA
Qozon, Rossiya