Qozog‘iston xorijliklar uchun yangi yashash ruxsatnomasi tizimini ishga tushirdi
Qozog‘istonda xorijiy fuqarolarga yashash ruxsatnomasini berishning yangi modelini joriy etish bo‘yicha sinov loyihasi boshlandi.
Ta’kidlanishicha, jarayon yil oxirigacha amal qiladi va raqamli vositalar hamda analitik algoritmlardan foydalangan holda ko‘p bosqichli tanlov tizimiga o‘tishni o‘z ichiga oladi.
Yangi tizimning asosiy elementi nomzodlarni ball asosida baholashdir. Ushbu o‘lkada yashashga ruxsat olish uchun nomzodlar kamida 400 ball to‘plashlari kerak, bu ball malaka, ish tajribasi, moliyaviy holati va bir qator ijtimoiy mezonlar asosida hisoblanadi. Jarayon besh bosqichdan iborat bo‘lib, taxminan bir oy davom etadi. Ba’zi tekshiruvlar hukumat ma’lumotlar bazalari yordamida avtomatik ravishda o‘tkaziladi va yakuniy bosqich suhbatni o‘z ichiga oladi.
Til va moliyaviy talablar ham qayta ko‘rib chiqilgan. Nomzodlar davlat tilini bilishning asosiy darajasini (KAZTEST balli tizimida kamida A1) taqdim etishlari va Qozog‘iston banki hisobida kamida 10 ming dollarga ega bo‘lishlari kerak.
Shu bilan birga, bir nechta toifalar ball asosida baholashdan ozod qilindi. Bularga “Digital Nomad” (Raqamli ko‘chmanchi) dasturi ishtirokchilari, investorlar, yuqori talabga ega kasb egalari va siyosiy boshpana olgan shaxslar kiradi.
S.Rahimov, O‘zA