Qozog'iston terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi
Murabbiyning tayinlanishi QFF nizomiga muvofiq Ijroiya qo‘mitasi tasdiqlaganidan so‘ng rasman e’lon qilinadi.
Jon van’t Sxip Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi bo‘ladi
Qozog‘iston futbol federatsiyasi (QFF) niderlandiyalik mutaxassis Jon van’t Sxip bilan milliy terma jamoa bosh murabbiyi lavozimida ishlash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda federatsiyaning rasmiy sayti xabar berdi.
Murabbiyning tayinlanishi QFF nizomiga muvofiq Ijroiya qo‘mitasi tasdiqlaganidan so‘ng rasman e’lon qilinadi. Qo‘mita yig‘ilishi yaqin kunlarda o‘tkaziladi va shundan keyin mutaxassis bilan shartnoma imzolanadi.
Jon van’t Sxip murabbiylik faoliyatini «Ayaks» tizimida boshlagan. U faoliyati davomida «Ayaks», «Tvente», «Zvolle», Meksikaning «Gvadalaxara» va Avstraliyaning «Melburn Siti» klublarini boshqargan.
2016-yilda u «Melburn Siti» bilan Avstraliya kubogini qo‘lga kiritgan. Terma jamoalar miqyosida esa Gretsiya va Armaniston milliy jamoalarida bosh murabbiy sifatida ishlagan.
Shuningdek, Qozog‘iston terma jamoasi murabbiylar shtabidan Nurbol Jumasqaliyev va Yeldos Ahmetov — yordamchi murabbiy, Yuriy Novikov — darvozabonlar murabbiyi, Vadim Borovskiy — jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha murabbiy hamda Timur Kusainov — tahlilchi sifatida o‘rin oladi.