Qozog‘iston parlamentiga olti partiya kiradi
Qozog‘istondagi eng yirik partiya - “Amanat” Majilis (parlamentning quyi palatasi) saylovlarida 53,46 foiz ovoz to‘pladi. Saylovda ishtirok etgan yetti partiyadan oltitasi qonun chiqaruvchi hokimiyatga kiradi. Bu haqda “Kazinform” xabar berdi.
19 mart, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan saylovlarda Qozog‘iston xalq partiyasi 6,25 foiz, "Ak jol" demokratik partiyasi - 7,87, "Auыl" partiyasi - 10,52, bir guruh tadbirkorlar asos solgan "Respublika" partiyasi 8,9 foiz ovoz olgan.
Shuningdek, 5,31 foiz ovoz bilan muxolifatdagi Milliy sotsial-demokratik partiya birinchi marta parlamentga kirishi mumkin.
“Yashil”larning "Baytak" partiyasi esa 3,22 foiz ovoz to‘plagan holda zarur bo‘lgan besh foizlik chegaradan o‘ta olmadi.
Parlament quyi palatasiga muddatdan avval o‘tkazilgan saylovlar aralash tizim bo‘yicha tashkil etildi: deputatlarning 70 foizi (69 kishi) partiya ro‘yxati bo‘yicha, 30 foizi (29 kishi) bir mandatli saylov okruglaridan saylandi.
Markaziy saylov komissiyasi Qozog‘iston Majilisga saylov yakunlanganidan keyin 10 kun ichida yakunlarini chiqaradi.
O‘zA