Qoraqalpog‘istonlik yoshlar muddatli harbiy xizmatga saralanmoqda
Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari hamda tibbiyot sohasi mutaxassislaridan tarkib topgan butlash komissiyasi qaror ijrosini qat’iy ta’minlash uchun mas’ul etib belgilangan.
Chaqiruv–2021
Prezidentning 2020 yil 6 martdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida tashkil etilgan chaqiruv bo‘yicha rahbariyat va butlash komissiyalari faoliyati davom etmoqda.
Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.
Qurolli Kuchlar kuch tuzilmalari, mahalliy davlat boshqaruvi organlari hamda tibbiyot sohasi mutaxassislaridan tarkib topgan butlash komissiyasi qaror ijrosini qat’iy ta’minlash uchun mas’ul etib belgilangan.
Mazkur komissiyalar raislari – Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari boshqaruv apparatining boshqarma, bo‘lim va xizmat boshliqlari, harbiy qism komandirlari va ularning o‘rinbosarlari hisoblanadi. Komissiya a’zolari tarkibiga O‘zbekiston Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari va Milliy gvardiya harbiy xizmatchi va xodimlari kiritilgan.

Butlash komissiyasi har bir chaqiriluvchini qo‘shin turlariga qarab tayinlash bo‘yicha qaror qabul qilish jarayonida o‘z fikrini bildirishi, bunda tegishli idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va jamoat tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlikni tashkil etish huquqiga egadir.
O‘z faoliyatining oshkoraligi, fuqarolar uchun ochiqlik, ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning xolisligini ta’minlash butlash komissiyasi majburiyatining asosiy tamoyili hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, yangi qarorga ko‘ra chaqiriluvchilarni yakuniy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish mas’uliyati harbiy gospitallarning harbiy shifokorlari zimmasiga yuklatildi. Shu bois Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mudofaa ishlari boshqarmasida o‘tkazilayotgan yakuniy tibbiy ko‘rikka Nukus harbiy gospitali hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining malakali mutaxassislari jalb etilgan.
Bundan tashqari, bir-birini takrorlovchi tibbiy komissiyalar, ya’ni muqobil hamda harbiy qismlarda o‘tkaziladigan takroriy tibbiy komissiyalardan voz kechildi. Shuningdek, mazkur qaror bilan viloyatlar kesimida rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy komissiyalar, tumanlarda esa Qurolli Kuchlarni butlash komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, ular rahbariyat kengashi, harbiy-tibbiy, butlash va hududiy tibbiy komissiyalarning samarali faoliyat yuritishi uchun shaxsan mas’uldir.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 11 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo‘lmagan O‘zbekiston Respublikasining chaqiruv yoshidagi fuqarolari shu yilning mart-aprel oylarida muddatli harbiy xizmatga chaqirilishi belgilangan.
O‘zA