Qoraqalpog‘iston Respublikasida g‘alla topshirish rejasi bajarildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2026-yil hosili uchun 2 ming 91 fermer xo‘jaligi tomonidan 53 ming gektar maydonda boshoqli don yetishtirildi.
Joriy yil hosili uchun davlatga 124 ming 874 tonna g‘alla topshirish rejasi belgilangan bo‘lib, fermer va dehqonlarning fidokorona mehnati natijasida 124 ming 900 tonna g‘alla topshirilib, belgilangan reja to‘liq bajarildi.
Bu natija davlatimiz rahbari tomonidan sohani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, fermerlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va zamonaviy agrotexnologiyalarni keng joriy etish borasida olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijasidir.

Erishilgan yutuqda g‘allakor fermerlarning mashaqqatli mehnati, agronomlar, mexanizatorlar, soha mutaxassislari hamda yig‘im-terim jarayonida faol ishtirok etgan barcha xodimlarning munosib hissasi bor.
—Joriy yil hosili uchun davlatga g‘alla topshirish rejasini muvaffaqiyatli bajarildi, — deydi Nukus tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Bahadir Nurabullayev. — Tumanimiz dehqon va fermerlari bu yil ham mo‘l hosil olib, tuzilgan shartnomaga muvofiq belgilangan 12 ming 963 tonnadan ortiq g‘alla topshirib, joriy yilning 27-iyun kuni rejani 100,2 foizga bajardi.
Hozirgi vaqtda Orolbo‘yi tumanlarida don qabul qilish korxonalariga g‘alla topshirish davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri