Qorako‘l tumanida IT-klasteri tashkil etiladi
Prezidentimiz rahbarligida 2021 yil 10 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida mas’ul-mutasaddilar zimmasiga Qorako‘l tumanidagi xalqaro matematika maktabi negizida xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan zamonaviy oliy ta’lim dargohi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bu yerda axborot texnologiyalari asosida IT park va yoshlar shaharchasi barpo etish hamda sohada ta’limdan ishlab chiqarishgacha bo‘lgan yaxlit zanjir yaratishni ko‘zda tutuvchi “IT-klaster" tashkil etish vazifalari qo‘yilgan edi.
Davlatimiz rahbari 2021 yil 12 oktyabrida Buxoro viloyatiga saylovoldi uchrashuvida Qorako‘l tumanidagi xalqaro matematika maktabida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan universitet tashkil etish maqsadida Hindiston davlatidagi oliy ta’lim muassasalari bilan yaqin hamkorlik qilish talabi qo‘yilgan edi. Shu munosabat bilan Hindistonning «ACHARYA” institutlar tarmog‘i ijrochi direktori Vishesh Chandrashekxar hamda korporativ munosabatlar va xalqaro ishlar bo‘yicha direktor yordamchisi Saubxik Kumar Deyni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi. Qorako‘l tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan “IT-klaster" uchun ajratilgan yer maydoni va binolar bilan yaqindan tanishdi.

Ayni kunda Qorako‘l tumanida 13,2 gektar maydonda, jami 16 ta binoda Qorako‘l “IT-klasteri" tashkil etish chora-tadbirlari belgilangan. Bu jarayonda axborot texnologiyalari universiteti, IT markaz, IT-inkubatsiya markazi, IT maktabi hamda Qorako‘l xalqaro matematika maktabi qamrab olinmoqda. Zamon talabiga javob beradigan axborot texnologiyalari klasterida 1 ming 100 o‘rinli IT maktabi, 500 o‘rinli IT markaz, shuningdek, ming o‘rinli IT universiteti, 50 o‘rinli IT inkubatsiya markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Axborot texnologiyalari bo‘yicha yosh mutaxassislar tayyorlash nazarda tutilgan.

Hindistonning "ACHARYA” institutlar tarmog‘i delegatsiyasi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi. Uchrashuvda “IT universitet" loyihasi istiqboliga katta ishonch bildirildi. Mehmonlar Hindistonda rivojlanayotgan axborot texnologiyalari sohasi va dunyoda o‘z mavqeiga ega «ACHARYA” institutlar tarmog‘i taqdimotini o‘tkazdi.
– 1990 yilda mamlakatning yirik sanoat va raqamli texnologiyalar shahri Bangalorda faoliyat boshlagan «ACHARYA” institutlar tarmog‘i bugunga kelib jahonning 70 ta davlatidan 15 mingdan ortiq talabasiga ega, – deydi oliy ta’lim dargohi ijrochi direktori Vishesh Chandrashekxar. – Xalqaro talabalarga egaligi bilan institut mamlakatda ikkinchi o‘rinda, dunyo reytingida esa kuchli qirqlikka kirgan. Bizdagi kutubxona fondi va so‘nggi rusumdagi raqamli axborot texnologiyalari mamlakat oliy ta’lim tizimida birinchi o‘ringa ko‘tarilgan. "ACHARYA” institutlar tarmog‘i Apple, Misrosoft, Samsung kabi dunyoning yirik brendlari markazlariga ega.

Buxoroda raqamli texnologiyalarga ixtisoslashgan IT universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yishda yaqin hamkorlikni boshlayotganimizdan mamnunmiz. Bizga zamon talabiga javob beradigan bino jihozlab berilsa, o‘z texnologiyalarimiz va sarmoyamizni kiritib, ish boshlashga tayyormiz. Bu jarayonda mahalliy kadrlar, ya’ni oliy ta’lim dargohida dars beradigan o‘qituvchilarni saralab, Hindistonda malaka oshirib qaytishlarini ham ta’minlaymiz. Qolaversa, Qorako‘l tumanida bo‘lib, yoshlar ta’limiga qaratilgan e’tibor va shart-sharoit bilan tanishdik.
Qorako‘l tumanida tashkil etilishi rejalashtirilgan “IT-klaster" kelajakda dasturiy mahsulotlar va xizmatlar eksporti oshishiga xizmat qiladi.
Zarif Komilov, O‘zA