Qorag‘uppa – mebelchilar mahallasi
Prezident tashrifidan so‘ng
Joriy yilning 15-16 aprel kunlari davlatimiz rahbari Samarqand viloyatiga tashrifi chog‘ida viloyat faollari bilan uchrashib, hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, “mahallabay” ishlash tizimi asosida aholi muammolarini aniqlash va hal etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan edi.
Mazkur uchrashuv chog‘ida Pastdarg‘om tumani hokimi Sh.Xudoyberdiyev Prezidentimizga murojaat qilib, aholisi asoan mebelchilik bilan shug‘ullanadigan Qorag‘uppa qishlog‘ida kichik sanoat zonasi tashkil etishda yordam so‘ragan edi. Davlatimiz rahbari, mahallalardagi bunday imkoniyatlardan samarali foydalanish, aholinining bandligini ta’minlashda bu muhim ahamiyatga egaligini ta’kidlab, albatta, masala ijobiy hal etilishini bildirgandi.
Shu yilning 21 iyun kuni Prezidentimiz tomonidan “Respublika hududlarida mebelsozlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror imzolandi. Unga ko‘ra, mamlakatimizning barcha viloyatlarida, jumladan, Samarqandda ham Pastdarg‘om tumanining Qorag‘uppa mahallasida klaster usulida mebel mahsulotlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat zonasi tashkil etiladigan bo‘ldi. Buning uchun 2,5 gektar yer ajratilishi belgilandi.
– Mahallamizda 4 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi, – deydi Qorag‘uppa mahalla fuqarolar yig‘ini raisi To‘lqin Sharipov. – Korxona-tashkilotlarda ishlaydiganlar ham bor, lekin ko‘pchilik uy sharoitida kasanachilik, hunarmandchilik, savdo va xizmat ko‘rsatish, chorvachilik, parrandachilik, asalarichilik va tadbirkorlikning boshqa sohalari bilan shug‘ullanadi. Ayniqsa, mebel ishlab chiqaruvchilar juda ko‘p. Dastlab, uch-to‘rt nafar ustalarimiz shu faoliyat bilan shug‘ullanib, yoniga o‘zining qarindosh-urug‘ini olib, yaxshi daromad qila boshladi. Keyin ularning qatoriga qo‘ni-qo‘shnilar kirdi, xonadonlarda kichik sexlar paydo bo‘ldi. Hozir mahallamizda 70 dan ortiq mebel yasovchi usta bor. Ularning har biri 5-10 nafardan yoshlarga shu kasbni o‘rgatmoqda. Xonadonlar torlik qilib, kattaroq sexlarga ehtiyoj sezilayotgandi. Davlatimiz rahbarining qarori bilan mahallasida mebelsozlik bo‘yicha kichik sanoat zonasi tashkil etiladigan bo‘ladi. Shu paytgacha tadbirkorlar uy sharoitida kichik ustaxonada mebel yasayotgan bo‘lsa, endilikda o‘z ishlab chiqarish sexlarida faoliyatni davom ettirish imkoniyati yaratildi. Bu ham yoshlarimizning tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirib, aholi daromadlari ortishiga xizmat qiladi. Asosiysi, ishsizlik muammosi bartaraf etildi. Bandlik darajasi yuqori bo‘lgani uchun mahallamizda kam ta’minlangan oilalar deyarli qolmadi, ajrimlar keskin kamaydi.
Shu mahallada yashovchi Jo‘rabek Hasanov mebel bilan shug‘ullanishni savdo-sotiqdan boshlagan. Keyin esa o‘zi shu hunarni o‘rganib, bu ishni tadbirkorlik darajasiga ko‘tardi.
– Bozorda mebel oldi-sottisi bilan shug‘ulanib yurib, “nega shu ishni men qilolmas ekanman?” deb o‘zimiga savol berdim va oldimga qat’iy maqsad qo‘yib, 4-5 besh yil ustaga shogird tushdimu hunar o‘rgandim, – deydi usta tadbirkor Jo‘rabek Hasanov. – Yog‘ochni mahalliy bozordan, qoplama matolarini Toshkent shahri orqali Xitoydan olamiz. Hozir uydagi sexda buyurtma asosida haftasiga 2-3 tadan mebel yasaymiz. Xaridorlarning o‘zlari kelib olib ketishadi. Bundan tashqari, bozorga ham mahsulot chiqaramiz. Yoshlarni yonimga olib, hunar o‘rgatyapman. Mahallamizda mebelchilik kichik sanoat zonasi tashkil etilishini eshitib, xursand bo‘ldim. Biz ham bu sanoat zonasiga qo‘shilib, kengroq joyda faoliyatimizni davom ettiramiz.
Qarorga ko‘ra, kichik sanoat zonalaridagi ishlab chiqarish maydonlari mulk huquqi asosida elektron onlayn-auksion orqali realizatsiya qilinadi va ularga egalik qilishning majburiy sharti mebel va uning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish hamda realizatsiya qilish hisoblanadi. Kichik sanoat zonalarining schimlik suvi, oqova suv tarmoqlarini hamda avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari davlat tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, elektr energiyasi, tabiiy gaz va aloqa tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari ta’minotchi korxonalar mablag‘lari hisobidan bajariladi. Bundan tashqari, mebel ishlab chiqaruvchilar va eksport qiluvchilarga ham bir qator imtiyoz va yengilliklar berilyaptiki, bu mazkur sohada faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar uchun juda katta imkoniyatdir.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA