Qoradaryo ustida ko‘prik quriladi
Bir necha yillar oldin Samarqand shahrida yashovchi aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga Oqdaryo tumanining shaharga yaqin hududidan uy-joy qurish, ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanish uchun yer maydoni ajratilgan edi.
Qoradaryo bo‘yida joylashgan mazkur hududni shahar bilan yaqin masofada bog‘lash uchun daryo ustida ko‘prik qurilishi rejalashtirilgandi, ammo bu ishni amalga oshirish ortga surib kelinayotgandi. Davlatimiz rahbarining 2019 yilda Samarqandga tashrifi chog‘ida ushbu masala ko‘tarildi va bu vazifani bajarish uchun zamonaviy loyiha ishlab chiqish topshirilgandi.
O‘tgan davr mobaynida mutasaddi idoralar mutaxassislari tomonidan daryo ustida ko‘prik qurish bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borildi, loyihalar tayyorlandi. Har tomonlama puxta o‘rganishlardan so‘ng eng mukammal loyiha tasdiqlandi.
Yangi yilning dastlabki kunlarida yangi ko‘prik qurilishiga kirishildi. Bu ishni “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik kompaniyasiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” mas’uliyati cheklangan jamiyati bunyodkorlari amalga oshirmoqda.
– Ko‘prikning uzunligi 700 metr, sut sathidan balandligi 12-13 metr bo‘ladi, – deydi “Ko‘rpik qurilish tresti” MCHJ muhandisi Qudrat Isayev. –Qurilma daryo ustida bo‘lishi hisobga olinib, ustunlarni asosan, burg‘ulash yo‘li bilan joylashtirish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari zamonaviy texnologiyalar, xalqaro standartlar asosida amalga oshiriladi.
Respublika va viloyat mutasaddilari, jamoatchilik vakillari ko‘prik quriladigan joy va loyiha bilan yana bir bor tanishdilar, quruvchilar ishiga muvaffaqiyat tiladilar.
Yangi ko‘prikni joriy yil yakuniga qadar qurish va foydalanishga topishirish rejalashtirilgan.
G‘.HASANOV, O‘zA