Qorabayir otlari karvoni yo‘lga chiqdi
Nurafshon shahri markaziga yurtimizning mashhur chavandozlari zotdor otlari bilan to‘plandi. Erta tongdan Prezidentimizning 2019 yil 18 fevraldagi "O‘zbekiston Respublikasida yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga asosan "Qorabayir otlar marafoni"ga start berildi.
Toshkent viloyati hokimligi "Qorabayir otchilik majmuasi" hamda "ABS Oqqo‘rg‘on klaster" paxtachilik klasteri bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur marafonda 20 nafar chavandozlar Kapital, Yulduz, Karol, Limon, Miraj, Navro‘z, Oqsaroy, Olmos, Sadaf, Sangar, To‘riq, Qaldirg‘och, Mamlyuk, Sapsan, Istanbul, Komissar, Baron, Graf, Burgut va To‘fon laqabli tulporlari bilan Toshkent viloyatidan ro‘yi zamin sayqali Samarqandgacha yo‘l bosib o‘tadi.


— Bolaligimdan otlarni yaxshi ko‘raman, — deydi piskentlik chavandoz O‘rinbek Botirov. — Shu sababli ham chavandoz bo‘lganman. Hududda bo‘ladigan ko‘pkari musobaqalarida faol qatnashaman. bugungi marafon ham o‘ziga xos taassurotlar bilan boshlandi. O‘ylaymanki, belgilangan muddatda manzilga yetib boramiz. Umumiy masofa 330 kilometr bo‘lib, chavandozlar 7 dekabr kuni Registon maydoniga kirib boradi. Yo‘l bo‘yi Piskent, Bo‘ka va Oqqo‘rg‘on tumanlaridagi belgilangan manzillarda to‘xtab, xalq bilan suhbatlashadi. Kechasi gulxan atrofida el suygan baxshilari xalq dostonlaridan kuylab barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlaydi.
A.Musayev,
O‘zA.