Qo‘qon davlat universiteti yoshlari katta sahnalarni zabt etmoqda
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Yoshlar kuni” Qo‘qon davlat universiteti jamoasi uchun qo‘shaloq bayramga aylanib ketdi.
Boisi, oliygohning iqtidorli talabalari nafaqat ilm-fanda, balki san’at va madaniyat olamida ham o‘zlarining yuksak salohiyatlarini xalqaro miqyosda isbotlamoqda.
Shu munosabat bilan universitet rektori, professor Dilnoza Xo‘jayevaning nufuzli xalqaro tanlov g‘oliblari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuv markazida kuni kecha poytaxtimizda yakuniga yetgan, jahonning ko‘plab davlatlaridan eng mahoratli ijrochilar yig‘ilgan “Navro‘z sadolari” XII xalqaro musiqa festivali qatnashchilari bo‘ldi. Samimiy muloqot davomida oliygoh rahbari san’at yo‘nalishida tahsil olayotgan yoshlarning erishgan natijalarini alohida e’tirof etib, bu muvaffaqiyatlar ortida tinimsiz mehnat va ustozlarning o‘giti yotganini ta’kidladi.
Xususan, San’at va sport fakultetining faxriga aylangan dirijyor Zuhriddin Abdullayev rahbarligidagi “Durdona” xalq cholg‘ulari orkestri festivalda o‘zining betakror ijrosi bilan hakamlar hay’ati va muxlislar olqishiga sazovor bo‘ldi.
Jamoa birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishi Qo‘qon san’at maktabining jahon sahnasidagi yana bir g‘alabasi sifatida qayd etildi.


Shu bilan birga, Feruzbek Ne’matov boshchiligidagi “Virtuoz” ansamblining kuchli uchlikdan joy olgani hamda iste’dodli talaba Hanifaxon Soyibjonovaning “Eng yaxshi ijrochi” va “Umid” nominatsiyalarida g‘olib deb topilishi barchaga birdek g‘urur bag‘ishladi.
Tadbirning eng hayajonli va e’tiborli jihati — yoshlarga san’at sirlarini o‘rgatib, ularning kamolotida beminnat xizmat ko‘rsatib kelayotgan ustozlarga ko‘rsatilgan ehtirom bo‘ldi. Ko‘p yillardan buyon navqiron avlodga saboq berib, ularni katta sahnalarga tayyorlab kelayotgan fidoyi san’atkor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yahyobek Mo‘minovga ko‘rsatgan yuksak xizmatlari uchun oliygoh rahbariyati tomonidan chopon kiydirildi. Ushbu ehtirom namuna bo‘larli ustoz-shogird maktabining bardavomligi va san’atga bo‘lgan yuksak e’tiborning ramziy ifodasiga aylandi.
Professor Dilnoza Xo‘jayeva g‘olib yoshlar bilan muloqot qilar ekan, ularning har bir tashabbusi, istiqbolli rejalari va ijodiy izlanishlari oliygoh ma’muriyati tomonidan doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanishini bildirdi.
Uchrashuv yakunida g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Mazkur muloqot talabalar uchun yangi ijodiy marralarni zabt etish yo‘lida ulkan motivatsiya berishi shubhasiz.
Hamroz Bayonov, O‘zA