Qo‘qon davlat universiteti mahalla yoshlari o‘rtasida eng kuchlilarni saralamoqda
Qo‘qon davlat universiteti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan "Dolzarb 90 kun" loyihasi doirasida mahalla yoshlari uchun tashkil etilgan sport musobaqalarining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
17-avgust kuni shaxmat, shashka va armrestling bo‘yicha eng munosib ishtirokchilar g‘oliblik uchun bahslashdi.
Musobaqalar yoshlarning sportga qiziqishini oshirish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va mahallalarda sog‘lom raqobat muhitini kuchaytirishga qaratildi. Bellashuvlarda turli mahallalardan tashabbuskor va sportga qiziqadigan yoshlar qatnashib, o‘z bilim, kuch va mahoratini namoyish etdi.

Murosasiz kechgan bahslarda shaxmat bo‘yicha o‘g‘il bolalar orasida Rayxon MFY vakili S. Muhammadov, qizlar o‘rtasida Afg‘onbog‘ MFYdan D. Qo‘shmaqova g‘olib bo‘ldi.
Shashka bahslarida Kalvak Guzari MFY vakili F. Rasulov o‘g‘il bolalar orasida, Afg‘onbog‘ MFY vakili M. To‘xtasinova esa qizlar o‘rtasida 1-o‘rinni egalladi.

Armrestlingda esa 60+ kg vazn toifasida Ganjiravon MFY vakili S. Nabiyev, 70+ kg vazn toifasida Parpashabop MFY vakili S. Rahmatullayev, 90+ kg vazn toifasida Aziztepa MFY vakili J. Mirboboyev eng yuqori natijani qayd etdi.
Mazkur musobaqalar mahalla yoshlarini faol hayot tarziga keng jalb etish, ularning iqtidorini yuzaga chiqarish va sport orqali o‘zaro hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Hamroz Bayonov, O‘zA