Qonunchilik pandemiyaga tayyor edimi?
Pandemiyaga qarshi kurashishda “karantin”, boshqacha aytganda, “cheklovchi tadbirlar” oʻrnatildi. Bunda kishi boshqa odamlar bilan aloqani cheklashi zarur boʻlgan “oʻzini yakkalash”chorasi ham qoʻllanilmoqda.
Pandemiyaga qarshi kurashishda “karantin”, boshqacha aytganda, “cheklovchi tadbirlar” oʻrnatildi. Bunda kishi boshqa odamlar bilan aloqani cheklashi zarur boʻlgan “oʻzini yakkalash”chorasi ham qoʻllanilmoqda.
Bu choralar hozirgi murakkab vaziyat taqozosi tufayli qabul qilindi. Lekin ayrimlar buning huquqiy asosi yoʻqligi haqida gapirmoqda.
Maʼlumki, qonunlar insonlarning xavfsiz, farovon hayoti va osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qiladi. Bugun joriy etilayotgan holatlarni avval uchratmaganimiz uchun ham bu boradagi qonunchilik haqida kam soʻz yuritilgan. Shuning uchun ham ular bilan koʻpchilik tanish emas.
Aslida esa epidemiologik vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish boʻyicha ham huquqiy asos yaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonuni shu maqsadga xizmat qiladi.
“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunning 30-moddasi epidemiyaga qarshi yuqumli va parazitar kasalliklar oʻchoqlarida oʻtkaziladigan chora-tadbirlar, dezinfeksiya tadbirlari va majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kabi bir qator tadbirlarni oʻz ichiga olgan.
Shuningdek, qonunda yuqumli va parazitar kasalliklarning paydo boʻlish yoki tarqalish xavfi yuzaga kelgan taqdirda Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishincha Bosh davlat sanitariya vrachi va joylardagi tizimlari hududlarda yoki obyektlarda belgilangan tartibda cheklovchi tadbirlar (karantin) joriy etishi mumkin.
Ushbu qonunning 2-moddasiga muvofiq, cheklovchi tadbirlar (karantin) — yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan. Xoʻjalik faoliyati va boshqa faoliyatning alohida tartibini, aholi, transport vositalari, yuklar va (yoki) tovarlar harakatlanishining cheklanishini nazarda tutadigan maʼmuriy, tibbiy-sanitariya chora-tadbirlari va boshqa chora-tadbirlar hisoblanadi.
Demak, aytishimiz mumkinki, mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash chora-tadbirlari oʻzining qonuniy asosiga ega.
Shu oʻrinda Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimi haqida ham toʻxtalib oʻtish lozim. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish ushbu tizim faoliyatida kuzatiladi.
Prezidentimizning 2019-yil 9-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan Vazirlar Mahkamasi huzurida Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligini tashkil etildi.
Tizimdagi bu oʻzgarishgacha Sogʻliqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya nazorati xizmatifaoliyat yuritib, xizmat tomonidan davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash funksiyalari ushbu sohada ruxsat berish va nazorat funksiyalari bilan birga amalga oshirilib kelinar edi. Bitta davlat organi doirasida bir vaqtning oʻzida ikkita funksiyaning bajarilishi Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya xizmati faoliyati samaradorligini taʼminlashga toʻsqinlik qiluvchi tizimli muammolar yuzaga kelishiga olib keldi. Yuqoridagi farmon bilan davlat sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni taʼminlash Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi vazifasi sifatida belgilandi.
Bugungi kunda respublikamizda koronavirusga qarshi olib borilayotgan chora tadbirlarda bu ikki davlat organining samarali hamkorligini koʻrishimiz mumkin.
Pandemiya sharoitida nafaqat xalq balki bizning qonunlarimiz hamsinovdan oʻtmoqda. Bunda qonunlarimizning hayotimizdagi keskin, kutilmagan oʻzgarishlarga javob beraolishi, amaliyligi va mukammalligi sinaladi. Qonunchilikni takomillashtirish yoʻnalishlari yana-da aniqroq namoyon boʻladi.
Koronavirusga qarshi kurash jarayonida toʻplangan tajriba “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunni qayta koʻrib chiqishni ham taqozo qilmoqda.
Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalarberib oʻtilgan boʻlib,sanitariya-epidemiologik vaziyatga — aholi yashayotgan muhitining va sogʻligʻining muayyan hududdagi, koʻrsatilgan aniq vaqtdagi holati, sifatida taʼrif berib oʻtilgan. Vazirlar Mahkamasining 1998-yil
27-oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Texnogen, tabiiy va ekologik tusdagi favqulodda vaziyatlarning Tasnifi”da esa epidemiya tushunchasiga quyidagicha taʼrif berilgan: “epidemiya — alohida xavfli infeksiyalarga tegishli boʻlmagan, yuqish manbai bitta yoki yuqish omili bir xil boʻlgan odamlarning guruh boʻlib yuqumli kasallanishi, bir aholi punktida — 50 kishi va undan ortiq”.
Koʻrinib turibdiki, epidemiologik vaziyatga berilgan taʼrif mukammal emas. Chunki,epidemiologik vaziyat deyish uchun uni aholi oʻrtasida tarqalish koʻrsatkichi, mezoni boʻlishi kerak. Tasnifda keltirilgan “bir aholi punktida — 50 kishi va undan ortiq”, deb koʻrsatilgan mezon hambahsli. Chuknki aholi punkti tushunchasi juda keng.
Shuningdek, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonunda pandemiya tushunchasini ham berish, pandemiyani epidemiyadan farqini koʻrsatish lozim.
Qonunning 17-moddasidafuqarolarning aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi huquq va majburiyatlari belgilangan. Biroq, bu huquq va majburiyatlar umumiy tarzda berilgan boʻlib, hozirgi sharoitda kelib chiqadigan boʻlsa huquq va majburiyatlarni yana-da kengroq koʻrsatilishi foydadan holi boʻlmaydi. Masalan, sanitariya-gʻepidemiologik vaziyatlarda oʻz sogʻligʻi himoya qilinishini talab qilish huquqini belgilash. Fuqarolarga oʻzida epidemiologik va yuqumli kasallik alomatlarini sezsa, tibbiy muassasalarga murojaat etish majburiyatini belgilash aholi osoyishtaligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Qonunlarning samaradorligi koʻp jihatdan fuqarolarning qonunlarni bilishi va unga ogʻishmay rioya etishiga bogʻliq. “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi qonun aytish mumkinki, bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida eng koʻp tilga olinayotganqonunlarimizdan biriga aylandi. Qonunning mazmuni va ahamiyatini aholi orasida yana-da kengroq targʻib qilish maqsadga muvofiq. Ushbu qonun talablarini chuqur oʻrganish va unga rioya etish koronavirusni yengishga yordam beradi.
Matluba Mirzaabdullayeva,
Toshkent davlat yuridik
universiteti dotsenti.