Qonun loyihasi qanday e’tirozlarga sabab bo‘ldi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida qator masalalar muhokama qilindi. Dastlab yig‘ilishni boshqargan fraksiya a’zosi Nodir Tilavoldiyev barchani Mustaqilligimizning 31 yilligi bilan tabrikladi.
Shundan so‘ng deputatlar “Davlat moliyaviy nazorati tizimi hamda beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar.

Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi bilan mamlakatimizga beg‘araz yordam sifatida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan tijorat maqsadida foydalanish huquqi berilmoqda. Amaldagi normalarga ko‘ra, beg‘araz berilgan tibbiy asbob-uskunalarda pullik xizmat ko‘rsatish mumkin emas va bu taqiq tekin berilgan asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyatini cheklashi natijasida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda qiyinchiliklar tug‘ilyapti. Shu bois, sog‘liqni saqlash tizimidagi muassasalarga beg‘araz berilgan asbob-uskunalardan tijorat maqsadida foydalanish huquqini berish mo‘ljallanmoqda.
Fraksiya a’zolari bu safar ham ushbu qonun loyihasiga e’tiroz bildirdi.

— Ushbu tartib o‘rta qatlam, ayniqsa, kam ta’minlangan aholi shart-sharoitini yanada qiyinlashtirmaydimi? — dedi fraksiya a’zosi Muxtabar Husanova. — Mamlakatimizda bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish kafolatlangani qayerda qoladi? Xalq uchun bepul keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish ham tekin bo‘lishi kerak.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng ushbu qonun loyihasi fraksiyaning taklifi bilan qayta tahrir qilinadigan bo‘ldi. Shu shart bilan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Shuningdek, yig‘ilishda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalari ham muhokama qilinib, ma’qullandi.
M.Komilova, O‘zA