Qo‘ng‘iroq jaranggi borliqni tutdi
Bugun o‘quvchilar uchun uzoq kutilgan damlar keldi ya’ni yangi o‘quv yili boshlandi.
Hamma hayajonda. Maktab uzra davlat madhiyasi yangradi. Ko‘ksiga qo‘lini qo‘yib, viqor bilan bayroqqa termilib turgan quvnoq ko‘zlar shodlikdan chaqnaydi...
Qarshi shahridagi 29-umumta’lim maktabida ham o‘quv yili boshlanishi ko‘tarinki kayfiyatda kutib olindi. Sababi joriy yilda maktabning 171 nafar bitiruvchisining 50 foizdan ziyodi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilindi. Ta’lim muassasasida tashkil qilingan shaxmat to‘garagi a’zolari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.
O‘quv yilining ilk kuniga bag‘ishlangan bayram tadbirida bitiruvchi sinflar hammaga o‘rnak bo‘lgan bo‘lsa, maktab ostonasiga ilk qadam qo‘ygan 74 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham bog‘chada yod olgan she’rlarini aytib barchani xushnud etdi. Ayniqsa, tadbirga taklif qilingan Qarshi shahridagi O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy aviatsiya bilim yurtining kursantlari o‘quvchi yoshlarni ruhlantirdi. Xullas aviatsiya bilim yurti kursanti ko‘magida boshlang‘ich sinf o‘quvchisi kirish qo‘ng‘irog‘ini chaldi. Qo‘ng‘iroq jaranggi borliqni tutdi. Dars boshlandi.
Ma’lumot o‘rnida ayni paytda 29-maktabda 1 ming 400 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda va ularga 119 nafar oliy ma’lumotli pedagoglar ta’lim-tarbiya bermoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA,
Jamshid Norqobilov (surat)