Qo‘mita raisi Umida Abdullayeva: ayollar manfaatini himoya qilmoqdamiz
Ayollarning mehnat migratsiyasi dolzarb masalalardan sanaladi. Bu boradagi masalalarni hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda.Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Umida Abdullayeva uyushgan mehnat migratsiyasini tashkil etish, mehnat migrantlarining huquqlarini himoya qilish hamda xorijdan qaytgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida quyidagilarni so‘zlab berdi:
— Mehnat migrantlari bo‘lgan xotin-qizlar bilan muloqot tizimi yaratildi, ularning muammo va ehtiyojlarini o‘rganish hamda hal qilish bo‘yicha yangi tizim joriy qilindi.
5 439 nafar xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan og‘ir ijtimoiy holatdagi ayollarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi.
Uzoq muddatga yashash joyidan chiqib ketgan ayollar va ularning oilalari, xususan voyaga yetmagan farzandlarini ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Xotin-qizlar.uz” platformasida “Migratsiya” moduli yaratildi.
Tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlari, xotin-qizlar faollari tomonidan xorijda daromadi kam bo‘lgan, ish topishda qiynalayotgan, og‘ir ijtimoiy vaziyatdagi xotin-qizlarni vatanga qaytarish bo‘yicha muloqot tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Natijada, xorijda ishlash istagidagi xotin-qizlarni 2026-yilda “Xavfsiz migratsiya” tamoyili asosida 5336 nafari kasb-hunar va chet tillarga o‘qitildi. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasidan qaytarilgan, Urganch shahri “Nurli xayot” mahallasi fuqarosi N.Sherovaga tadbirkorlik o‘quv markazini ochishga ko‘maklashildi
Migratsiyadagi ayollarning 26 624 nafardaн ortiq oila a’zolariga psixologik, huquqiy maslahatlar berildi, farzandlari umumta’lim maktablariga yo‘naltirildi, 746 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotiga, 10 136 nafariнiнг farzandlari to‘garaklarga jalb qilindi.
Bugungi kunga qadar 13 ta xorijiy tashkilot bilan hamkorlikda tashkil etilgan kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslariga xotin-qizlar jalb etilmoqda. Jumladan, Koreya Respublikasining tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan kurslarda tikuvchilik, go‘zallik industriyasi, xizmat ko‘rsatish sohasi va koreys tili bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Shvetsariyaning “GLOBOGATE Recruiting GmbH” tashkiloti bilan Andijon, Toshkent viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahrida, Germaniyaning “Nova Agency” tashkiloti bilan hamkorlikda Buxoro viloyatida, “Technoconsult” markazi bilan Namangan, Farg‘ona, Andijon, Qashqadaryo viloyatlari va Toshkent shahrida, “CBZ Munchen GmbH” markazi bilan Toshkent va Samarqand shahrida, Yaponiya bilan Sirdaryo, Namangan viloyatlarda (“AOIKAI Yaponiya”, “Yume”) o‘quvlar tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur o‘quvlarda 15 mingdan ziyod xotin-qizlar ishtirok etib, xorijda qonuniy ish o‘rinlariga joylashtirildi.
2024-yil 18-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorijiy mamlakatlarda og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik xotin-qizlarning muammoli masalalarini hal etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” 590-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, xorijiy mamlakatlarda og‘ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarni himoya qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, vazirlik va idoralarning faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilmoqda.
Mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun chiqib ketgan xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining xorijdagi sayyor qabullari tashkil etib kelinmoqda:
Joriy yilda ham xorijiy davlatdagi migrant ayollar bilan uchrashib, muammolariga yordam berish, Vataniga qaytarish choralari ko‘rilmoqda (Qozog‘iston, Amerika Qo‘shma Shtatlari, Hindiston, Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni).
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-maydagi “Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish hamda oilaviy maslahat xizmatlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq maskanlar faoliyatini yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur maskanlarda ham Migratsiyadan qaytgan xotin-qizlar bilan ishlash xonasi va ularni Kasb-hunar va daromad topishga o‘rgatish tizimi ishga tushurildi.
2026-yilda mehnat migrantlari bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlash sohasida amalga oshiriladigan vazifalar ham talaygina.
Birinchidan, kam daromad topayotgan ehtiyojmand xotin – qizlarni vatanga qaytarib, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy daftarlarga kiritish orqali daromad topishlariga ko‘maklashish bo‘yicha ishlar yo‘lga qo‘yiladi va qat’iy nazoratga olinadi.
Ikkinchidan, xorijdagi mehnat migratsiyasida bo‘lgan xotin-qizlarning onlayn o‘quvlarini tashkil etish orqali ularga huquqiy – psixologik yordamlarni ko‘rsatish imkoniyatlari yaratiladi.
Uchinchidan, O‘zbekistondan xorijga chiqib, ishlash istagidagi xotin-qizlarga xorijiy tillar, kasbiy ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari uchun o‘quv kurslariga yo‘naltiriladi, ma’naviy – axloqiy tushunchalar berib boriladi.
To‘rtinchidan, ilmiy-tadqiqot institutlari bilan birgalikda xotin-qizlar migratsiyasi bo‘yicha tahlil va tadqiqotlar amalga oshirilib, mavjud muammolarni aniqlash va yechimlarni ishlab chiqish bo‘yicha uslubiy qo‘llanma, ijtimoiy videoroliklar tayyorlanadi.
Beshinchidan, mehnat migratsiyasidan qaytgan xotin-qizlar va ularning farzandlarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, ehtiyojiga ko‘ra, huquqiy, psixologik hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘riladi.
Oltinchidan, xalqaro hamkorlik doirasida mehnat muhojirlarining ijtimoiy holatlari doimiy tahlil qilib boriladi hamda diplomatik kanallar orqali doimiy yordam berish choralari ko‘rib boriladi.
Bularning barchasi har qanday vaziyat va sharoitda ayollarning manfaatlarini ta’minlashga ustuvor ahamiyat qaratilayotganining amaldagi yorqin namunasidir.
O‘zA muxbiri N.Usmonova yozib oldi.