Qohir Rasulzoda: 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini ikki milliard dollarga yetkazamiz(+video)
O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar so‘nggi yillarda yangi bosqichga ko‘tarilib, o‘zaro hurmat, strategik sheriklik tamoyillari asosida izchil rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, oliy darajadagi muloqotlar va o‘zaro davlat tashriflari ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Mazkur tashrif doirasida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilinmoqda. Jumladan, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda tashrif ahamiyati hamda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari xususida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Ikki tomonlama aloqalarimiz samarali rivojlanmoqda. Biz munosabatlarimizning yangi bosqichi ostonasida turibmiz. Tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollarga yetib, o‘sish sur’atlari 30 foizni tashkil etdi. Davlat rahbarlari oldimizga 2030-yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ydilar. Har ikki mamlakat ushbu maqsadga erishish uchun zarur salohiyatga ega, – dedi Bosh vazir.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning davlat tashrifi oldidan ishchi guruhi shakllantirildi, ko‘plab loyihalar kelishildi. Bugun umumiy qiymati 2 milliard dollar bo‘lgan 135 ga yaqin yirik loyiha imzolanishi kutilmoqda. Tovar ayirboshlash hajmini oshirish bo‘yicha tegishli qo‘shma harakatlar dasturi kelishildi, bu borada alohida e’tibor to‘qimachilik tarmog‘i xamda energetika sohasiga karatiladi.
Ma’lumki, ikki mamlakat yetakchilari ikkita GES qurish bo‘yicha ham vazifa qo‘ygan bulib, hozirgi vaqtda texnik-iqtisodiy asoslar tayyorlanmoqda, investorlar bilan muzokaralar o‘tkazilyapti.
Bugun Oliy davlatlararo kengashning birinchi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Bu yangi format ikki tomonlama munosabatlarni ittifoqchilik darajasiga olib chiqishning amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qiladi.
Hukumatlararo komissiyalar samarali ishlamoqda, barcha muhokama qilinayotgan masalalar konstruktiv muloqot asosida va har ikki tomon manfaatlarini inobatga olgan holda ijobiy hal etilmoqda.
Agar ilgari O‘zbekiston – Tojikiston chegarasini har kuni qariyb 3 ming kishi va 300 ga yaqin yuk avtomobili kesib o‘tgan bo‘lsa, bugun davlatlarimiz rahbarlarining oqilona siyosiy irodasi tufayli bu ko‘rsatkichlar tegishlicha 3 million kishi va 300 ming yuk avtomobilini tashkil etmoqda.
Albatta, erishilgan natijalar katta ahamiyatga ega. Biroq biz bu bilan cheklanib qolmaymiz. Qo‘yilgan vazifalarni to‘liq amalga oshirish – asosiy maqsadimizdir.
Tashrif davom etmoqda. O‘zA tarmoqlarini kuzatib boring.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/aWwg42-MZCc?si=MA-maB1PNFO7sBHU" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Behruz XUDOYBERDIEV,
O‘zA