“Qodiriya” suv tozalash inshootiga press-tur
“O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar uchun Toshkent viloyatidagi “Qodiriya” suv tozalash inshootiga press-tur tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Toshkent viloyati ichimlik suvi va oqova suv tizimlarini rekonstruksiya qilish va qurish (1-bosqich)” loyihasi doirasida bajarilgan ishlar, inshootning texnik imkoniyatlari, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash ko‘rsatkichlari hamda kelgusidagi rejalar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 martdagi qarori asosida amalga oshirildi. Loyihaning umumiy qiymati 120,9 million AQSH dollarini tashkil etib, 2017-2024 yillar davomida bosqichma-bosqich ijro etildi.
[gallery-26868]
– Loyiha doirasida sutkasiga 100 ming kub metr quvvatga ega “Qodiriya” suv tozalash inshooti barpo etildi, – deydi “O‘zsuvta’minot”AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov. – Shuningdek, 560 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, jumladan, 54,9 kilometr magistral quvurlar qurildi, 10 ta suv taqsimlash inshooti va 27 ta suv rezervuari barpo etildi hamda bir qator mavjud inshootlar rekonstruksiya qilindi. Qariyb 50 mingta xonadonga zamonaviy ichimlik suvi hisoblagichlari o‘rnatildi.
Qayd etilishicha, “Qodiriya” suv tozalash inshooti qurilishi bo‘yicha barcha qurilish-montaj ishlari to‘liq yakunlanib, davlat qabul komissiyasi dalolatnomalari rasmiylashtirilgan va ob’ekt foydalanishga topshirilgan. Mazkur inshoot orqali Qibray, Zangiota va Toshkent tumanlaridagi 108 ta mahallada yashovchi 325,6 ming nafar aholini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash imkoniyati yaratildi.
Press-tur davomida, shuningdek, magistral va taqsimlash tarmoqlari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ayrim paketlar doirasida qurilish jarayonlarining yakuniy bosqichga kirgani, davlat qabul komissiyasi hujjatlari rasmiylashtirilayotgani haqida ham ma’lumot berildi.
Mamlakatimizda suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish, infratuzilmani rivojlantirish hamda aholini barqaror va sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlash davlat siyosati darajasidagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan loyihalar hududlarda aholi turmush sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Tadbir yakunida OAV vakillari mutaxassislardan sohaga oid savollariga batafsil javob oldi.
Nilufar Bozorova, O‘zA