Qodiriy ijodiy merosining ahamiyati
O‘zbek adabiyotini yangi bosqichga olib chiqqan yozuvchi, o‘zbek romanchiligi asoschisi Abdulla Qodiriy tavalludining 127 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab tadbirlar, ilmiy anjumanlar o‘tkazilmoqda.
Sana munosabati bilan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabi bilan hamkorlikda «Abdulla Qodiriy ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni» mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy, metodik konferensiya tashkil qilindi.
Universitet binosida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazma uyushtirildi. Unda Abdulla Qodiriy asarlari, suratlari va tarixiy qo‘lyozmalari o‘rin olgan, adib haqida yozilgan asarlar, tadqiqotlar va risolalar joylashtirilgan.
Konferensiyada tadqiqotchilar va olimlarning Abdulla Qodiriy faoliyatini yanada chuqurroq o‘rganish hamda uning ijodini xorij adabiyotida keng targ‘ib qilish va o‘qitish masalalariga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Anjuman Abdulla Qodiriy nomidagi Ijod maktabi o‘quvchilari va universitet talabalari uchun chin ma’noda tajriba maktabi bo‘ldi. Konferensiya so‘nggida teatr aktyorlari tomonidan Abdulla Qodiriy hayotiga bag‘ishlangan spektakl tomoshabinlar e’tiboriga namoyish etildi.
D.Mamatova, O‘zA