Qochoqlar, o‘lim holati, yaradorlar...
Rossiya-Ukraina
Ukraina inqirozi natijasida xalok bo‘lgan fuqarolar soni 9 200 dan oshdi. Bu haqda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Rozmari Dikarlo bayonot berdi. Uning qayd etishicha, 500 kun davomida 9 287 fuqaro, shu jumladan 537 bola vafot etgan. 16 384 kishi, shundan 1 117 nafar bola yaralangan.
Gap tasdiqlangan holatlar haqida ketyapti, o‘lim soni ko‘p bo‘lishi ham mumkin.
Dikarloning so‘zlariga ko‘ra, 6,3 million ukrainalik qochoq qayd etilgan, 5,1 million kishi mamlakat ichkarisida qochoq holiga tushgan.
Ziddiyat ishtirokchilari bir-biri tomon qadam tashlashi lozim, xalqaro hamjamiyat esa birgalikda tinchlik muzokarasi uchun qulay sharoit yaratishi kerak. Bu haqda Xitoyning BMTDagi doimiy vakili o‘rinbosari Gen Shuan bayonot berdi.
– Ukraina masalasini harbiy kuch ishlatish bilan hal etib bo‘lmaydi, inqiroz davom etishi tinch aholi tashvishi oshishiga olib keladi, – dedi u. – Mojaro qancha davom etsa ham, oxir-oqibat siyosiy vositalar orqali hal etiladi. Muzokarani to‘la qo‘llab-quvvatlovchi aniq, adolatli takliflar ko‘plab kelib tushmoqda.
Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yetkazib berilayotgan qurol-aslaha Ukraina ziddiyati cho‘zilishiga olib keladi, deb hisoblamaydi. Bu haqda AQSHning BMTdagi doimiy vakili Linda Tomas-Grinfild ma’lum qildi.
– Biz gumanitar va xavfsizlik nuqtai nazaridan yordam berib keldik va bundan keyin ham shu ishni davom ettiramiz, – dedi u. – AQSH va 50dan ziyod boshqa davlatlar yetkazib berayotgan qurol-aslaha Ukraina o‘zini himoya qilishiga qaratilgan.
Bugun, 18 iyul kuni AQSH Prezdenti Jo Bayden va Vatikan Papasi vakili, kardinal Matteo Zuppi Ukraina mavzusi, jumladan, inqiroz hududidan bolalarning Rossiyaga ko‘chirilgani masalasini muhokama qiladi.
Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni YeI – Lotin Amerikasi va Karib davlatlari hamjamiyati sammmitiga taklif qilmaslik qarorini ma’lum qildi. Bu haqda Ispaniyaning “La Vanguardia” nashri ma’lum qildi.
Gazeta qayd etishicha, Ukraina yetakchisi Bryusselda o‘tadigan yig‘ilishda qatnashishni o‘zi so‘ragan. Sammit qatnashchilari Ukraina inqirozini hal etish yo‘llarini axtarishadi.
Avstraliyaning Dikin universiteti professori, xalqaro aloqalar sohasi eksperti Skott Byorchill fikricha, NATOning Rossiyaga qarshi proksi urushi faqat Vashington manfaatiga xizmat qiladi, ammo inqirozning tashvishi G‘arbga emas, xalqqa, armiyaga tushadi.
“Zelenskiyning xatosi o‘z reklamasiga ishonib, G‘arb dunyosini sinovdan o‘tkazishi”, dedi u.
Ozarbayjon Ukrainaga 7,6 million dollarlik gumanitar yordam mablag‘i ajratadi. Xabarda aytilishicha, Ozarbayjon insonparvarlik tamoyili asosida ko‘plab davlatlarga shunday yordam ko‘rsatib keladi.
Ukraina hukumati Oliy Radaga odam, inson organlari savdosi bilan kurash sohasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlik to‘g‘risidagi bitimdan chiqishi to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim etdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining parlamentdagi vakili Taras Melnichuk xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi, shuningdek, Ukrainaning avtotransport vositalari o‘g‘irligi bilan kurashish va o‘g‘irlangan taransport vositalarini qaytarish bo‘yicha MDH mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni ham tark etishni nazarda tutadi.
Abror XON, O‘zA