Qobiljon Sobirov: O‘zbekiston SHHT doirasida global hamkorlar bilan siyosiy-iqtisodiy aloqani mustahkamlamoqda
Bugungi globallashuv davrida xalqaro munosabatlarni mustahkamlashda nafaqat rasmiy, balki xalq diplomatiyasi ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ayniqsa, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida xalq diplomatiyasini rivojlantirish davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch, do‘stlik va madaniy yaqinlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yillarda yurtimizda ham xalq diplomatiyasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimizda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi faoliyat yuritib, SHHTga a’zo davlatlar bilan madaniy-gumanitar aloqani kengaytirishga hissa qo‘shmoqda. Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobiljon Sobirov bilan suhbatimiz markaz faoliyati, xalq diplomatiyasi tushunchasining bugungi kundagi ahamiyati haqida kechdi.
– Bugungi kunda Xalq diplomatiyasining ahamiyati qanday?
– Xalq diplomatiyasi – madaniyat va an’analarni yaxshiroq tushunish, manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga intilayotgan xalqlar va tashkilotlarning beg‘araz muloqot maydonidir. Xalq diplomatiyasida siyosiy shaxslar emas, balki ijodkorlar, ilm-fan namoyandalari, ishbilarmon doiralar vakillari, yoshlar, xullas oddiy xalq vakillari ishtirok etadi. Ular xalqaro miqyosdagi turli forumlar, simpoziumlar, anjumanlar, hatto nizolarni hal etish bo‘yicha muzokaralarda ham davlat nomidan vositachi sifatida qatnashishi mumkin.

E’tiborlisi, hozir xalq diplomatiyasi rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda. Bu jarayonning o‘ziga xos jihati shundaki, davlatlar bilan birga faol targ‘ibotchi sifatida xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar ham maydonga chiqmoqda. Ular o‘z qadriyatlarini ham ishtirokchi davlatlar aholisi, ham keng xalqaro jamoatchilik o‘rtasida tarqatadilar.
O‘zbekiston uchun xalq diplomatiyasi chuqur tarixiy va ijtimoiy-madaniy, siyosiy asosga ega. Millatlararo, madaniyatlararo, konfessiyalararo va tillararo bag‘rikenglik o‘zbek etnosi uchun xos fazilatlard hisoblanadi.
– Markazning asosiy vazifalari nimalardan iborat? Amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, tadbirlar haqida ham gapirib bersangiz.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalq diplomatiyasi markazini yaratish g‘oyasi, xalqaro vaziyatdagi beqarorlik va noaniqlik omillari hamda turli xatarlar ko‘payishi asnosida juda dolzarb. Shu nuqtai nazardan O‘zbekistondagi SHHT Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati a’zo mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikning xilma-xil imkoniyatlarini ochish, o‘zaro ishonch, do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV jipsligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Markaz bugungi kunda ilm-fan, ta’lim, madaniyat va sport, turizm, biznes sohalarida ko‘plab amaliy ishlarni olib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida markaz tomonidan 500 dan ortiq xalqaro anjuman, ilmiy-amaliy konferensiya, seminar, davra suhbati, ijodiy kecha, taqdimot, sport musobaqalari, ko‘rgazma va brifinglar tashkil etildi. Mahalliy va xorijiy tuzilmalar bilan 90 ga yaqin hamkorlik memorandumi imzolandi. 900 dan ortiq maqola va axborot materiali tayyorlanib, mahalliy va xorijiy axborot resurslariga, ijtimoiy tarmoqqa joylashtirildi.
Oxirgi yillarda markazning asosiy faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining SHHT Samarqand, Dehli, Ostona va Tyanszin sammitlarida ilgari surgan tashabbuslarini hayotga tadbiq etishga qaratilgan. Jumladan, “SHHTga a’zo davlatlarning 2023-2027-yillarda uzoq muddatli yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani amalga oshirish kompleks rejasi”dagi madaniy-gumanitar tadbirlar ijrosini ta’minlash, “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ommalashtirish, O‘zbekistondagi ilmiy, madaniy-ma’rifiy muassasalar bilan SHHT mamlakatlaridagi turdosh tuzilmalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish, tashkilotga a’zo davlatlardagi fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tuzilmalar va jamoat tashkilotlari bilan yoshlar siyosatiga oid, ta’lim, ilm-fan, turizm, sport va ekologiya kabi sohalarda samarali sheriklik o‘rnatish, xalq diplomatiyasi vositalaridan foydalangan holda SHHT mamlakatlari orasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatini, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlash, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirish, axborot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qaratilmoqda.
– O‘zbekistonning SHHT doirasidagi o‘rni va tashabbuslariga ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– Avvalo ta’kidlash joiz, O‘zbekiston SHHT ta’sischilaridan biri. Respublikamiz tuzilma doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning kelgusi strategiyasini belgilashda doimo yetakchilardan biri sifatida tan olinadi.
SHHTning 25 yillik tarixi davomida mamlakatimiz Tashkilotga to‘rt marta raislik qildi. O‘zbekiston tashabbusi bilan 2004-yil Toshkentda SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi tashkil etildi, xavfsizlik kengashlari kotiblari uchrashuvlari formati joriy etildi. SHHTda kuzatuvchi maqomini berish mexanizmi ishga tushirildi, xalq diplomatiyasi va SHHTning Ezgu niyat elchilari institutlari yaratildi.
Tahlillar ko‘rsatadiki, samarali tashabbuslar bo‘yicha O‘zbekiston SHHTda yetakchi o‘rinni egallaydi. Avvallari asosan xavfsizlik sohasida faollik ko‘rsatgan O‘zbekiston tomoni endi iqtisodiyot, transport va logistika, innovatsiya va raqamli rivojlanish, madaniyat va xalq diplomatiyasi kabi yo‘nalishlar hisobiga umumiy salohiyatni oshirish zarurligiga e’tibor qaratmoqda.
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotida faol ishtirok etib, qo‘shni davlatlar va global hamkorlar bilan siyosiy va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan 90 dan ortiq tashabbusning 75 tasi iqtisodiyot, xavfsizlik, ekologiya va gumanitar munosabatlar sohalarini qamrab olgan holda, allaqachon faol amaliy bosqichga o‘tgan.
Davlatimiz raqamli iqtisodiyot, yashil texnologiya kabi istiqbolli yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarda faol ishtirok etmoqda.
O‘zbekiston SHHT doirasida iqtisodiy va siyosiy rivojlanish imkoniyatini, jumladan, mintaqaviy xavfsizlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan loyihalar doirasida ko‘rmoqda. Biz uchun asosiy foyda savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiya jalb qilish, shuningdek energetika, transport va infratuzilma sohalaridagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etishdan iborat. Istiqbol tashkilot doirasida integratsiyani chuqurlashtirish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va O‘zbekistonning xalqaro maydondagi mavqeini mustahkamlashni o‘z ichiga oladi.
SHHT doirasida madaniy-gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda. Bu ishtirokchi davlatlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni, yaxshi qo‘shnichilik munosabatini mustahkamlashga yordam beradi. Shu tariqa respublikamizning SHHTdagi ishtiroki mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, savdo va investitsiyani rivojlantirish, shuningdek SHHT negizi bo‘lgan Markaziy Osiyoda barqaror va innovatsion rivojlanishni rag‘batlantirishga hissa qo‘shib, sezilarli siyosiy va iqtisodiy foyda keltiradi.
– Xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirish uchun qanday tavsiyalar bergan bo‘lar edingiz?
– Bugun jahon mamlakatlari va xalqlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot zarur. Buning uchun esa qulay, xavfsiz maydon – muloqot platformasi kerakligini anglagan O‘zbekiston rahbariyati SHHT va dunyo xalqlarini yangi maydonga chaqirmoqda. Bu borada madaniy, siyosiy va ijtimoiy jamoatchilikni birlashtiruvchi shaharlar va “Shaharlar diplomatiyasi”ning roli yaqqol seziladi. Shu bois O‘zbekiston va Markaziy Osiyo javohiri Samarqand – Xalq diplomatiyasi markazlaridan biriga aylanmoqda. Ko‘p asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha bo‘lgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bog‘lab, Shimol va Janubni, Sharq va G‘arbni yagona chorrahada tutashtirgan.
Azal-azaldan Samarqand turli g‘oya va bilimlar “qaynagan” makon bo‘lib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, o‘z kuchi va imkoniyatini ro‘yobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam bo‘lgan.
Xullas, ishonch bilan aytish mumkinki, dunyoda globalizatsiya va integratsiya jarayoni kengayib borayotgan bir vaqtda o‘zaro ishonchning yorqin namunasi hisoblangan xalq diplomatiyasi ayniqsa SHHT makonida yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va har tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘zA muxbiri
Go‘zal Sattorova yozib oldi.