Qo‘li egrining yo‘li egri
Odamzotning birinchi dushmani uning nafsidir.
Guliston shahrida Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 4 turdagi qiymati 65 million so‘mdan ortiq, tarkibida biofaol qo‘shimchalar bo‘lgan dori vositalari to‘xtatib qolindi.
Xalqimizda qo‘li egrining – ko‘ngli egri, ko‘ngli o‘g‘rining yo‘li egri, degan ajoyib naql bor. Egri yo‘ldan yurgan kimsa esa ko‘zlagan manziliga yeta olmay, oxir-oqibat jamiyatning boshi berk ko‘chasiga kirib qoladi. Labirintda qancha qiyin bo‘lsada chiqish yo‘li bo‘ladi. Boshi berk ko‘chada esa chiqish yo‘q. Yurdimi “taq” etib boshi devorga tegadi, tegadiyu ko‘zi moshdek ochiladi. Ko‘zi ochilishga ochiladiyu.., lekin unda kech bo‘ladi.
Odamzotning birinchi dushmani uning nafsidir. Nafsiga quloq tutdimi, tamom, shu kundan uning quliga aylanadi. Mahkumboy Qoraqulov (ismi-sharifi o‘zgartirilgan) ham nafsiga qul bo‘ldiyu uning yo‘llagan yo‘rig‘i, chizgan chizig‘idan chiqa olmay qoldi.
“To‘g‘rida, shu nafsimning aytganini qilib, kam bo‘lmadimku. Noqonuniy yo‘l bilan bo‘lsada, mo‘maygina daromad ortiryapmanku. Shu paytgacha ushlasha olmadiku halollik posbonlari, bu safar ham hammasi joyida bo‘lishiga nafsim komil” deya ertangi qiladigan ishining nafsi tuzib bergan rejasini yana bir xom-cho‘t qilib chiqdi.
Ertalab barvaqt turib, eski tanishi Adamjon Boykenjaevning “Matiz”ida bir joyga borib kelishi kerakligini, yo‘l kira naqdligini aytdi.
Hurmatli o‘quvchida “Nima uchun “Matiz”da?” degan savol tug‘ilishi mumkin. Javobi juda oddiy, chunki “Matiz” ko‘rimsizroq, ko‘zga tashlanavermaydi, qolaversa, bu avtomobilda katta miqdorda nimadir olib ketish mumkin, deb hech kim o‘ylamaydi ham...
Ko‘za kuniga emas, kunida sinadi, deganlaridek, shu kuni Mahkumboy Qoraqulovning ham ko‘zasi sinadigan kun ekanmi, har holda Guliston shahriga kelganlarida, Sirdaryo viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish bo‘limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir uning ikki oyog‘ini bir etikka tiqib qo‘ydi.
Guliston shahrining O‘zbekiston shoh ko‘chasidagi avtoturargohga kelib to‘xtagan, O‘zbekiston fuqarosi Adamjon Boykenjaev boshqaruvidagi “Matiz” rusumli avtomobilning saloni va yukxonasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, O‘zbekiston fuqarosi Mahkumboy Qoraqulovga tegishli 5 ta qora rangli selofan paketlarga joylashtirilgan, xorijda ishlab chiqarilgan, tasdiqlovchi hech qanday hujjatlari bo‘lmagan va sifati kafolatlanmagan 4 turdan iborat bo‘lgan, taxminiy qiymati 65 million 810 ming so‘mlik, tarkibida biofaol qo‘shimchalar bo‘lgan dori vositalari aniqlandi va ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Mazkur holat yuzasidan olib borilgan dastlabki tekshiruv va surishtiruvlar jarayonida fuqaro Mahkumboy Qoraqulov o‘z tushuntirish xatida ashyoviy dalil sifatida olingan, tarkibida biofaol qo‘shimchalar aniqlangan dori vositasini Toshkent shahridan olganini, ushbu tovarlarga tegishli hamda sifatini kafolatlovchi hech qanday hujjatlar yo‘qligini bayon etdi.
Hozirda aniqlangan holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Mutaxassislar buni tagiga yetishi shubhasiz. Aybdorlar albatta qilmishiga yarasha jazosini oladi.