Qizlarimiz Avstraliya yashil maydonlarida to‘p suradi
FOTOREPORTAJ
Joriy yilning 1–21 mart kunlari Avstraliya yashil maydonlarida ayollar o‘rtasidagi 2026 yilgi Osiyo kubogi musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli musobaqada O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi ham ishtirok etadi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Kotrina Kulbite hamda terma jamoa a’zolari ishtirokida matbuot anjumani tashkil etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan anjumanda ayollar futboli va uning mamlakatimizdagi rivoji, shuningdek, hukumatimiz tomonidan ommaviy sportga, jumladan futbolga qaratilayotgan katta e’tibor haqida so‘z yuritildi. Ilk bor ayollar jamoasining Osiyo kubogi bahslarida ishtirok etayotgani futbolchilar oldiga katta mas’uliyat yuklayotgani alohida ta’kidlandi.
[gallery-27461]
Shuningdek, jamoaning guruhdagi raqiblari — Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, Xitoy va Bangladesh terma jamoalari haqida bosh murabbiy Kotrina Kulbite o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati ayollar milliy terma jamoasi a’zolari va murabbiylar shtabi bilan qisqa uchrashuv o‘tkazdi. Unda Osiyo kubogiga tayyorgarlik jarayoni, jamoaning musobaqadagi vazifalari hamda yaratilayotgan shart-sharoitlar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida assotsiatsiya rahbariyati terma jamoani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ta’kidladi. Jamoaning musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgani va tayyorgarlik jarayoni doimiy nazoratda ekani qayd etildi.
Shuningdek, ayollar milliy terma jamoasi oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadlar belgilab olinib, futbolchilarga Osiyo kubogida mamlakatimiz sha’nini munosib himoya etish borasida omad va muvaffaqiyatlar tilab qolindi.
Ma’lumot o‘rnida: ayollar milliy terma jamoasi bugunning o‘zida navbatdagi yig‘inni o‘tkazish uchun Turkiyaga jo‘nab ketdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA