Qizilqum jozibasi
FOTOREPORTAJ
Qizilqum cho‘li Markaziy Osiyodagi yirik cho‘l hududlaridan biri bo‘lib, uning muayyan qismi Navoiy viloyati hududida joylashgan. U o‘ziga xos tabiati va betakror manzaralari bilan ajralib turadi. Cho‘lning asosiy qismini baland va o‘rtacha tekislikdagi qumliklar tashkil etadi. Qizilqum iqlimi keskin kontinental bo‘lib, qishi sovuq, yozi esa issiq, quyoshli va quruq keladi.
Bepoyon sahro bag‘ri bo‘ylab yo‘l bosar ekansiz, turli hududlarda qad rostlagan baland qumtepaliklar ko‘zga tashlanadi. Ayniqsa, quyosh botish pallalarida bu manzaralar yanada o‘ziga xos tarovat va joziba kasb etadi.
Cho‘l hududida saksovul, quyonsuyak, qum akatsiyasi, selin, kavrak va yulg‘un kabi qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar o‘sadi. Shuningdek, bu yerlarda cho‘l mushugi, bo‘ri, tulki, kiyik, quyon, toshbaqa, chayon, qum sichqoni, kaltakesak va ilonlar kabi jonivorlarni ham uchratish mumkin.
[gallery-30271]
Ayni paytda Qizilqum sayyohlar e’tiborini tortayotgan hududlardan biriga aylangan. Bu yerga tashrif buyuruvchilar keng sahro bag‘rida tabiatni yaqindan his etish, uning o‘ziga xos olamini kashf etish imkoniga ega. Ko‘llar atrofida barpo etilgan o‘tov-oromgohlar esa sayohat va hordiq chiqarish uchun qulay sharoit yaratmoqda.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, sahro bag‘ri insonga nafaqat tabiat go‘zalligini his etish, balki qalban sokinlik topish va o‘zini anglash imkonini ham beradi.
Siroj ASLONOV (surat), O‘zA