Qishloqda xorij texnologiyalari
Jizzax viloyati Zomin tumanida joriy yilning o‘tgan davrida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida 69 hududiy loyiha amalga oshirildi.
Jizzax viloyati Zomin tumanida joriy yilning o‘tgan davrida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohasida 69 hududiy loyiha amalga oshirildi.Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor yuksak samaralar bermoqda. Ayni paytda Jizzax viloyatidagi kichik biznes subyektlari tomonidan xorijdan minitexnologiyalar keltirish bo‘yicha 109 shartnoma imzolangan bo‘lib, joriy yil oxiriga qadar ularning qariyb yarmini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Zomin tumanida amalga oshirilgan umumiy qiymati 12 milliard so‘mdan ortiq loyihaning 15 tasi sanoat, 46 tasi xizmat ko‘rsatish va servis, 8 tasi qishloq xo‘jaligi sohasiga tatbiq etildi. Natijada 250 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Yangi loyihalarni amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mamlakatimizda o‘tkazib kelinayotgan turli xalqaro ko‘rgazmalar muhim ahamiyat kasb etayotir.
– Joriy yil iyun oyida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Agrominitex – 2014” minitexnologiyalar ko‘rgazmasida erishilgan shartnomaga ko‘ra, zamonaviy eshik-romlar ishlab chiqarish texnologiyasi keltirib o‘rnatildi, – deydi Zomin tumanidagi “Shohjahon Xudoyorovich” korxonasi rahbari Xudoyor Jabborov. – “Mikrokreditbank”dan olingan 90 million so‘mlik kredit mablag‘i bu borada juda qo‘l keldi. Eng muhimi, 4 nafar kasb-hunar kolleji bitiruvchisi ish bilan ta’minlandi.
Tumandagi “Maxsus savdo” va “Mohinur Inobat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlariga ham non mahsulotlari, tikuvchilik buyumlari tayyorlaydigan xorij texnologiyalari o‘rnatildi. “Mahliyo asl matolari” va “Doni maks” korxonalari esa to‘qimachilik va g‘isht ishlab chiqarishga mo‘ljallangan texnologiyalarni sotib olish bo‘yicha ishlarni davom ettirmoqda.