Qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish muhim
So‘nggi yillarda respublikamizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni ko‘paytirish, bunda mavjud suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan 1 gektar maydonni sug‘orish uchun sarflanayotgan suv va energiya resurslari miqdori yuqoriligicha qolmoqda.
Xususan, qishloq xo‘jaligida foydalanilayotgan 1 gektar maydonni sug‘orish uchun har yili o‘rtacha 9,5-10 ming m3 suv sarflanayotgan bo‘lsa, 1kVt elektr energiyasi uchun 550-600 so‘m xarajat qilinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev raisligida 2024 yil 7noyabr kuni qishloq xo‘jaligida suv va energiya manbalaridan oqilona foydalanish hamda yo‘qotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda davlatimiz rahbari tomonidan dunyoda bir vaqtlar cho‘l bo‘lgan hududlarda yog‘ingarchilik ko‘payib, boshqa joylarda qurg‘oqchilik kengayib borayotgan sharoitda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlash bo‘yicha tanlangan yo‘l to‘g‘ri bo‘lganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, mazkur yig‘ilishda xorazmlik dehqonlar tomonidan nasos agregatlariga quyosh paneli o‘rnatish orqali ehtiyojdan ortiqcha elektrni davlatga sotib, oyiga qo‘shimcha 7-8 million so‘m daromad olinayotganligi misol qilib ko‘rsatib o‘tildi.
Hozirgi davrda iqlim o‘zgarishi asosan tabiiy resurslarga salbiy ta’sirini ko‘rsatishi hisobiga suv elektr energiya isrofgarchiligining oldini olish, ushbu resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan yondashgan holda foydalanish muhim tadbirlardan biri hisoblanadi.
Sir emaski, mamlakatimizda ishlab chiqarish sohasi kengayishi hisobiga hududlarda elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj tobora ortib bormoqda.
Qishloq xo‘jaligi sektori suv va energiya resurslarini nisbatan yuqori iste’mol qiluvchi sohalardan biri hisoblanadi. Bunda nasos agregatlari esa elektr energiyasini eng ko‘p sarf qiladigan iste’molchi hisoblanadi.
Shunga asosan, videoselektor yig‘ilishida davlat rahbari tomonidan 2025 yil “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” bo‘lishi alohida ta’kidlanib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda “Xorazm tajribasi”ni kengaytirish maqsadida har yili 1000 ta fermer xo‘jaligini yangi tizimga o‘tkazish yuzasidan topshiriq berildi.
Shu sababli, respublikamizdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar tomonidan yetishtiriladigan paxta va g‘alla maydonlarini ichki nasos agregatlari orqali sug‘orish ishlari hamda elektr energiya iste’moli o‘rganib chiqildi.
Bugungi kunda, respublika bo‘yicha 9 000 nafardan ortiq klaster korxonalari va fermer xo‘jaliklarining 700 ming gektarga yaqin paxta va g‘alla maydonlari ularning o‘zlarining hisobidagi nasos agregatlari orqali sug‘oriladi.
Ushbu ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash uchun ushbu nasos agregatlari har yili o‘rtacha 600-700 mln. kVt elektr energiya iste’mol qilib kelmoqda.
Bu esa o‘z navbatida, paxta va g‘alla yetishtirish xarajatlarining ko‘payishini keltirib chiqarmoqda.
Shu sababli, mazkur xarajatlarning bir qismini qoplab berish uchun davlat byudjetidan subsidiya mablag‘lari ajratib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasining “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonuni bilan paxta va boshoqli don yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari iste’mol qiladigan elektr energiyasi xarajatini qoplash uchun 150 mlrd. so‘m subsidiya mablag‘lari ajratilgan.
Biroq iste’molchilar hisobidagi nasos agregatlarining 4 100 tadan ortig‘i elektr energiya iste’moli yuqori bo‘lgan dvigatellar bilan jihozlanganligi, shuningdek aksariyat nasos agregatlari ma’nan eskirganligi sababli, ularning yillik elektr energiya iste’moli yuqori va foydali ish koeffitsiyenti pastligicha qolmoqda.
Bugungi kunda paxta va g‘alla yetishtiruvchilar hisobidagi nasos agregatlari 1 gektar maydonni sug‘orish uchun o‘rtacha 1 ming kVt elektr energiya sarflamoqda.
Shu sababli, qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, nasos agregatlarini elektr energiya iste’molini muqobil energiyaga o‘tkazish orqali mahsulot yetishtirish tannarxini pasaytirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Masalan, 40 gektar paxta maydonini tomchilatib sug‘orish tizimi orqali sug‘orish uchun mavsum davomida o‘rtacha 152 ming m3 suv talab etiladi. Agar tomchilatib sug‘orish tizimiga o‘rnatilgan nasos agregatining dvigatelining quvvati 37 kVt/soat va suv chiqarish qobiliyati 150 m3/soat bo‘lsa, bunda nasos agregati ushbu paxta maydonini sug‘orish uchun mavsum davomida o‘rtacha 37,5 ming kVt elektr energiya yoki 33,7 mln. so‘m mablag‘ sarflaydi.
Ma’lumot uchun, agar sug‘orish ishlari amalga oshirilayotgan davrda elektr energiya tarmog‘ida uzilishlar yuzaga kelsa, bunda elektr energiya sarf xarajati bilan bir qatorda ortiqcha suv resurslari sarflanishi ham kuzatiladi.
Ushbu maydonda ekilgan paxtadan o‘rtacha 40 sentnerga hosil olinadigan bo‘lsa, bunda 1 tonna paxta yetishtirish uchun har yili o‘rtacha 210 ming so‘mlik elektr energiya sarflangan bo‘ladi.
Endi, mana shu paxta maydoniga o‘rnatilgan nasos agregatini elektr energiya iste’molini muqobil energiyaga, ya’ni quyosh panelga o‘tkazsak qanaqa natija buladi?
Aytaylik, yuqorida keltirilgan paxta maydonini sug‘orish uchun 20 Kvt quvvatli quyosh panelini o‘rnatdik.
Bunda, mamlakatimiz quyoshli o‘lka bo‘lgani sababli, quyosh panellarning o‘rtacha ishchi quvvatini 1 kunda 8 soat va 1 yilda 265 kun deb olamiz.
Ushbu holatni tahlil qiladigan bo‘lsak, ushbu o‘rnatilgan quyosh paneli yil davomida o‘rtacha 42,4 ming kVt elektr energiya ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda tadbirkorlar tomonidan 1 kVt quyosh panelini o‘rnatib berish va tarmoqqa ulash xarajati uchun o‘rtacha 5 mln. so‘m taklif etilmoqda va ushbu qurilmalarga 10 yil kafolat berilib, 5 yil tekin servis xizmati ko‘rsatilmoqda.
Bunda, fermer xo‘jaliklari tomonidan 20 kVt quyosh panelini o‘rnatish va ishga tushirish uchun 100 mln. so‘m mablag‘ talab etiladi. Buning uchun tijorat banklari tomonidan imtiyozli shartlarda kredit resurs mablag‘lari mavjud.
Tahlil natijalariga ko‘ra, 40 gektar paxta maydonini tomchilatib sug‘orish texnologiyasi orqali yuqorida keltirilgan parametrli nasos agregati bilan sug‘orish uchun har yili 33,7 mln. so‘m, kelgusi 5 yil uchun esa 168,5 mln. so‘m mablag‘ talab etiladi. Agar ushbu nasos agregatiga quyosh paneli o‘rnatilsa, 40 gektar paxta maydonini sug‘orish uchun elektr energiya xarajati talab etilmaydi, aksincha fermer xo‘jaliklari tomonidan har yili o‘rtacha 5 ming kVt elektr energiyani tarmoqqa sotish imkoniyati ham yuzaga keladi.
Xulosa qilib aytganda, fermer va dehqon xo‘jaliklari hisobidagi nasos agregatlarini muqobil energiyaga o‘tkazish orqali, nafaqat qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishda elektr energiya uchun ortiqcha sarf xarajatni kamaytirish, balki ehtiyojdan ortgan elektr energiyani tarmoqqa sotish orqali qo‘shimcha daromad ko‘rish imkoniyati yuzaga keladi.
Farhod Qo‘ziyev,
Qishloq xo‘jaligi vazirligi Boshqarmasi boshlig‘i.