Qishloq xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining videokonferensaloqa shaklida majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasida belgilangan vazifalarni 2020 yilda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturining ijro etilishi holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirining axboroti eshitildi.
Qayd etilganidek, paxta xomashyosi va g‘alla yetishtirishda bozor mexanizmlarini keng joriy etish, qishloq xo‘jaligi yerlari va ekinlarini monitoring qilish, joylashtirish, qishloq xo‘jaligi yerlarini muhofaza qilish bo‘yicha davlat nazoratini amalga oshirish, tuproq unumdorligini yaxshilash hamda geobotanikaga oid tadqiqotlarni olib borish, shuningdek, oziq-ovqat tarmog‘ini rivojlantirishga doir qator vazifalar bajarilgan.
Sug‘oriladigan maydonlarda o‘rtacha gektaridan 57 sentnerdan ortiq, lalmi maydonlarda esa o‘rtacha gektaridan 11 sentner hosil olinib, jami 6,4 million tonna don yetishtirilgan. 2021 yil hosili uchun 272 ming tonnadan ortiq sara urug‘lik jamg‘arilgan va davlat ehtiyojlari uchun 3,5 million tonnaga yaqin don eksport qilingan.
Shu bilan birga, intensiv bog‘ va yangi tokzorlar barpo etilib, sohani qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilning 9 oyida jami 82,8 milliard so‘m miqdorda subsidiya ajratilgan.
Yana bir jihat. Xalqaro standartlar talablariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish, tartibga solish va muvofiqlashtirish tizimlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlarini yaxshilash hamda eksport geografiyasini kengaytirish, mamlakatimizning organik mahsulot ishlab chiqarish salohiyatidan to‘liq foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida 315 ta korxona va fermer xo‘jaliklari tomonidan Global G.A.P., Organic, ISO 22000 xalqaro sifat standartlarining muvofiqlik sertifikatlari olingan.
Majlisda strategiyada nazarda tutilgan vazifalarning bajarilishida ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, 2020 yil 1 martga qadar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi faoliyatini qayta ko‘rib chiqish belgilangan bo‘lsa-da, ushbu vazifaning ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmagan. “Aqlli qishloq xo‘jaligi”ni rivojlantirish Davlat dasturi bugungi kunga qadar qabul qilinmagan.
Qolaversa, reja bo‘yicha 2020 yilda respublikada jami 280 ming gektar yerlarni o‘zlashtirish belgilangan. Ammo joriy yilning 9 oyida hududlarda faqatgina 51,9 ming gektar maydon qayta foydalanishga kiritilgan.
Bundan tashqari, yerlarni o‘zlashtirishda davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan. Mazkur sohaga xususiy investitsiyalarni jalb qilish masalasi to‘liq amalga oshirilmagan.
Majlisda mazkur aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish borasida taklif va tavsiyalar bildirildi.
Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.