Qishloq ayoli – fotograflar nigohida
Toshkent Fotosuratlar uyida “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” munosabati bilan 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlab fotoko‘rgazma bo‘lib o‘tmoqda.
Ko‘rgazma Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Badiiy ijodkorlar uyushmasi, Toshkent Fotosuratlar uyi tomonidan tashkil etildi.

BMT Bosh Assambleyasining 2008 yil 12 fevraldagi “Qishloq hududlarida ayollarning ahvolini yaxshilash to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasiga asosan, 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni, deb e’lon qilingan.
BMT mazkur kunda qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolariga e’tibor qaratishga, xususan, ularning ta’lim olishi, mehnat qilishi, farovon turmush kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik va tazyiqdan himoyalash, gender tenglikni ta’minlashga chaqiradi.
Shu munosabat bilan tashkil etiladigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda qishloq xo‘jaligining rivojlanib borishi, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida so‘z yuritilib, qishloqlarning obodligi va farovonligini oshirishda ayollarning qo‘shayotgan hissasi va o‘rni e’tirof etiladi.

Ushbu ko‘rgazma ekspozitsiyalarida esa, qishloq ayollari kundalik hayotining turli jabhalari o‘z ifodasini topgan badiiy fotografiyalar namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmani ikki qismga bo‘lish mumkin: birinchi qismda namoyish etilayotgan fotosuratlarning asosiy qismini oq-qora rangdagi retrosuratlar tashkil etadi. Ularda o‘z davri ijtimoiy hayotning turli jabhalarida faoliyat ko‘rsatgan taniqli va faol xotin-qizlar gavdalanadi. Fotosuratlar O‘zbekiston Davlat arxivida saqlanayotgan retrospektiv va noyob asarlarning nusxalaridir.
Ikkinchi qismda namoyish etilayotgan rangli fotosuratlar bugungi, zamonaviy hayotimizni aks ettiradi. Ular O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasining “Fotorassomlar sho‘basi” a’zolari hamda O‘zbekiston Milliy Axborot agetligi – O‘zA fotomuxbirlari, shuningdek, yosh fotograflarning badiiy fotosuratlaridan tashkil topgan.
Ularda bugungi kun qishloq ayollarining mehnat jarayonlari yoki turli hayotiy jabha va holatlardagi badiiy fotosuratlari jamlangan.
N.Usmonova, O‘zA