Qirollik oilasi va Buyuk Britaniya xalqiga hamdardlik bildirildi
12 sentyabr kuni Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining mamlakatimizdagi elchixonasiga Qirolicha Yelizaveta II vafoti munosabati bilan bir qator hukumat a’zolari hamdardlik bildirish uchun tashrif buyurdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva, tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov va boshqa rasmiylar Qirollik oilasi va butun Buyuk Britaniya xalqiga O‘zbekiston xalqining hamdardligini yetkazdi.
Hukumat a’zolari elchixonadagi ta’ziyalar kitobiga hamdardlik so‘zlarini yozib qoldirdi.
[gallery-8747]
– Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi Qirolichasi Yelizaveta II Zoti Oliyalarining vafoti munosabati bilan Qirollikning mo‘’tabar oila a’zolari va butun Buyuk Britaniya xalqiga chin dildan hamdardlik tuyg‘ularimizni izhor etamiz, – deyiladi Senat Raisi ta’ziyanomasida.
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi hamda O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan Qirolicha Yelizaveta II Zoti Oliyalarining nomi abadiy yodimizda saqlanib qolishi qayd etildi.
B.XUDOYBERDIEV, N.Haydarov (surat), O‘zA.