Qirg‘iziston Prezidenti parlamentlar rahbarlari bilan uchrashdi
Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar parlament assambleyasi (TurkPA)ning XV yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Nufuzli anjuman doirasida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov TurkPA yalpi majlisida ishtirok etgan mamlakatlar parlamentlari rahbarlarini qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva ham ishtirok etdi.
S.Japarov mazkur uchrashuvni qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro ishonchning yaqqol ifodasi sifatida baholab, Qirg‘iz Respublikasi TurkPA doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Parlamentlar rahbarlari, Prezident Sadir Japarovga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qirg‘iziston turkiy dunyo birligini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganiga urg‘u berdi.
Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovning siyosiy irodasi hamda o‘zaro ishonchga asoslangan muloqoti tufayli O‘zbekiston -Qirg‘iziston strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanayotganiga e’tibor qaratdi.

Qirg‘iziston Prezidenti Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan tadbir qardosh davlatlar o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va hamjihatlik mustahkamlanib borayotganining yaqqol dalili ekanini ta’kidladi.
TurkPAning parlamentlararo muloqotni rivojlantirish, integratsiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash va qardosh xalqlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishdagi ahamiyati qayd etildi.
Uchrashuvda Assambleya faoliyati turkiy davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, transport, energetika, raqamli va gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirishda muhim o‘rin tutishi ham ta’kidlandi.
Norgul Abduraimova, O‘zA