Qirg‘iziston Erondagi elchixonasini vaqtincha yopdi
Qirg‘iz Respublikasining Erondagi elchixonasi o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatdi, deb xabar bermoqda “Kabar” axborot agentligi.
Ta’kidlanishicha, ushbu qaror mintaqadagi vaziyat bilan bog‘liq ehtiyot chorasi sifatida izohlanmoqda.
Rasmiy bayonotda Eronda bo‘lib turgan Qirg‘iziston fuqarolariga ehtiyotkorlik choralarini ko‘rishlari, shaxsiy xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishlari, gavjum joylar va xavfli hududlardan uzoqroq bo‘lishlari va mahalliy hokimiyat organlari talablariga qat’iy rioya qilishlari so‘ralgan.
Shuningdek, fuqarolarga doimo shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni yonida olib yurish, rasmiy axborot manbalarini muntazam kuzatib borish tavsiya qilingan. Vazirlik fuqarolarni hozirgi sharoitda Eronga safar qilishdan vaqtincha voz kechishga chaqirgan.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA