Qing‘ir ishning qiyig‘i chiqdi
Qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yildan keyin ham chiqadi, deyishadi. Insonning avval ishshonchiga kirib, keyin firibgarlik yo‘li bilan uning boyligini o‘zlashtirib olmoqchi bo‘lgan kimsaning siri alabatta fosh bo‘ladi.
Jizzax viloyati Zafarobod tumani Beruniy mahallasida yashovchi Sottixon Aliboyeva (maqoladagi personajlarning ismi sharifi-o‘zgartirilgan), o‘g‘lini tez orada Jizzax Davlat pedagogika instituti talabasi bo‘lishiga ishonchi komil edi. Chunki u, “Bolangizni “lyuboy” oliygohga kiritib qo‘ya olaman, to‘lovi naqd bo‘lsa bas”, deya “kafolat” bergan Sharof Rashidov tumani “Uchtepa” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi Olg‘irboy Firibboyevga ishonib, oz emas-ko‘p emas 25 million so‘mni naqd sanab bergandi.
2020 yilning iyun oyida berilgan “kafolat” va olingan puldan so‘ng, o‘tgan yilgi test sinovlari, undan keyin yana bir necha oylar o‘tdi hamki, zafarobodlik Sottixon opaning ishonchiga kirib olgan Olg‘irboy na uni o‘g‘lini o‘qishga kiritdi va na olgan pullarini qaytardi.
Aldanganligini tushunib yetgan Sottixon opa Olg‘irboydan bergan 25 million so‘m mablag‘ini so‘ray boshladi. Ammo firibgarlikda kattagina tajriba ortib olgan, bu borada anchagina “eti qotib” ulguran Olg‘irboy Firibboyev, opaga, o‘tgan yili pandemiya xalal bergani, bu yil uning arzandasini albatta o‘qishga kiritishini, faqat joriy yilgi narxlar sal o‘zgarganini, o‘sha 25 millionni yoniga yana ozroq qo‘shsa, bolasi “byudjet”ga o‘tishi “garantiya” ekanini aytib, yana Sottixonni chuv tushirmoqchi bo‘ladi.
Ammo ko‘r hassasini bir marotaba yo‘qotadi, deganlaridek, Sottixon Aliboyeva huquq-tartibot idoralariga murojaat qilmasa, Olg‘irboyga bergan pullarini qaytarib ololmasligiga ko‘zi yetgan chog‘i, nihoyat jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga murojaat qildi.
Mutasaddi idora xodimlari tomonidan ushbu holat yuzasidan Olg‘irboy Firibboyevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
A.Qayumov, O‘zA