Qilichbozlarimiz ulkan maqsadlarni ko‘zlamoqda
O‘zbekiston Sport vazirligi hamda Milliy olimpiya qo‘mitasi rahbariyati mamlakatimiz qilichbozlik federatsiyasining navbatdagi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari haqidagi taqdimoti bilan tanishdi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, qilichbozlarimiz so‘nggi ikki Olimpiya o‘yinlarida delegatsiyamiz tarkibida ishtirok etib kelmoqda. Yangi Olimpiya mavsumi terma jamoamiz uchun har qachongidan mas’uliyatli hisoblanadi.

Boisi, 2027 yil Toshkent kattalar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi va unda Olimpiada uchun eng yirik reyting ochkolari o‘ynaladi. Federatsiya taqdimotida rais Maqsud Abdusamadov va Bosh kotib Gulnora Saidova bu borada alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, qilichbozlarimiz bu gal jamoaviy dasturda ham Olimpiada yo‘llanmalari uchun kurash olib borishi haqida ta’kidlandi. Bu borada sablyachilarimizning imkoniyati yuqori baholanib, hozirdan tayyorgarlik boshlab yuborilgani ma’lum qilindi. Shuningdek, qilichbozlarimizni boshqa yo‘nalishlarda ham munosib tayyorlash borasida ishlab chiqilgan reja tanishtirildi.

Suhbat davomida yangi Olimpiya siklida terma jamoaga jalb qilinishi kutilayotgan xorijlik murabbiylar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Terma jamoa bosh murabbiyi Ruslan Kudayev xorijlik mutaxassislar bilan ishlash, yurtimizda yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Jahon kubogi bosqichlarini o‘tkazish orqali iqtidorli sportchilarni saralash ko‘zda tutilganini qo‘shimcha qildi.
Yakunda federatsiyaning hududiy bo‘limlari bilan ishlashni yanada jadallashtirish tavsiya qilinib, O‘zbekiston delegatsiyasini «Los-Anjeles-2028» yozgi Olimpiya o‘yinlariga puxta tayyorlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan Prezident qarori loyihasi uchun takliflar bildirildi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA