Qibray issiqxonasida “yashil” texnologiya
Prezidentning “yashil” texnologiyalarga asoslangan issiqxonalarni rivojlantirish bo‘yicha qarori sohada qanday o‘zgarishlarni olib keladi? Toshkent viloyatidagi namunali xo‘jalikda bu savolga javob topildi.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Prezidentning 2026-yil 13-oktabrdagi “Ilg‘or “yashil” texnologiyalar asosida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish va aholi tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish maqsadida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi issiqxona xo‘jaligiga press-tur uyushtirdi.
4 gektardan ziyod maydonda joylashgan ushbu issiqxonada asosan gul yetishtiriladi. Xo‘jalik Toshkent shahri va respublika viloyatlarini zamonaviy gullar bilan ta’minlab kelmoqda. Bu kabi tadbirkorlarning ko‘payishi tufayli mamlakatimizga avvallari xorijdan katta miqdorda keltirilgan gul importi sezilarli darajada kamaydi. Tadbirkorlar Omonulla Saidxo‘jayev va Farhod Yunusovga tegishli majmuada 70 dan ortiq ish o‘rni yaratilgan. Barcha tizimlar to‘liq avtomatlashtirilgan bo‘lib, jarayonlar suv va energiya tejamkor texnologiyalarga asoslangan. Eng muhimi, bu yerda ko‘mir yoqilsa-da, ekologiyaga zarar yetkazilmaydi. Tadbirkor yaqinda bu borada maxsus sertifikatga ham ega bo‘ldi.

–162-son qaror chiqqanidan keyin Toshkent shahri havosini tozalashga o‘z hissamizni qo‘shish uchun shu yo‘nalishni chuqur o‘rgandik, – deydi tadbirkor Xurshid Ahmedov. – Shuni anglab yetdikki, dunyoda eng ko‘p ko‘mir ishlatadigan Xitoy yiliga 5,5 milliard tonna ko‘mir yoqsa-da, havo filtrlariga qo‘yilgan talablar dunyo standartlariga javob bergani uchun ekologik xavfsiz hisoblanadi. Ularning texnologiyasini o‘rganib, shu qarorga keldik: ko‘mirni to‘liq yoqib, havo bosimi orqali zararli tutundan xalos bo‘lamiz va suv yordamida yana filtrdan o‘tkazsak, chiqadigan tutunning 99 foizini tozalashga erishamiz. Agar ko‘mirni to‘liq yoqsak, 40 foiz iqtisod qilamiz va havoga chiqayotgan zaharli moddani ushlab qolib, suv orqali chiqarib yuboramiz. Issiqlik me’yorga yetsa, uskuna o‘zini-o‘zi o‘chiradi, ya’ni tejamkorlik ta’minlanadi. Bu texnologiyani xitoylik hamkorlarimiz bilan amalga oshirdik.
Agentlik rahbariyati ommaviy axborot vositalari vakillariga qarorda ko‘zda tutilgan talablar, soliq imtiyozlari, energiya xarajatlarining bir qismini qoplash, zamonaviy isitish uskunalarini xarid qilish uchun subsidiyalar va imtiyozli kreditlar ajratish kabi mexanizmlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
–Mana ikki yildirki, agentligimiz tomonidan ushbu sohada katta ishlar amalga oshirildi. Tizimda 60 ming nafar soha vakili faoliyat yuritadi. Asosiy maqsadimiz – yurtimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, – deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi direktorining o‘rinbosari Xayrulla Soliyev. – Kuni kecha davlatimiz rahbariga qilingan taqdimotdan so‘ng issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyozlar berildi. Joriy yilning 13-oktabr kuni Prezidentimizning tarixiy deb qaralayotgan 371-sonli qarori qabul qilindi. Unda soliq imtiyozlari, subsidiyalar va boshqa rag‘batlantirishlar ko‘zda tutilgan. Shu paytgacha bu sohaga bunday katta e’tibor qaratilmagan edi. Bu hujjat issiqxona xo‘jaliklari faoliyatiga juda katta ijobiy o‘zgarishlarni olib keladi. Albatta, bu islohotlar zamirida inson manfaati yotibdi.
Ushbu choralar tadbirkorlarning bugungi xarajatlarini yengillashtirish bilan birga, kelgusida energiya tejamkor va iqtisodiy jihatdan samarali xo‘jaliklarni shakllantirishga xizmat qiladi. Issiqxona egalariga ko‘rsatilayotgan davlat ko‘magining pirovard natijasi yetishtirilgan mahsulot hajmini oshirish, uning tannarxini pasaytirish va xo‘jalikning barqaror daromadliligini ta’minlashdan iborat bo‘lmog‘i lozim.
[gallery-32093]
Press-tur davomida jurnalistlarning savollariga agentlik mutasaddilari batafsil javob qaytardi.
Sanjar Toshpo‘latov,
O‘ktam Hayitov, (surat)
O‘zA