Qayerda ishlamang faoliyatingizni qonuniylashtiring
Bandlikni ta’minlash bugungi kunda eng dolzarb masalalardan biridir. Tadbirkorlik sub’ektlarida faoliyat yuritayotgan ishchi-xodimlarning mehnat munosabatlari qonuniy bo‘lishi esa o‘ta muhim. Viloyat davlat soliq boshqarmasi mas’ul xodimlari Qarshi shahridagi tadbirkorlik sub’ektlarida ishchi-xodimlarni qonuniy faoliyat yuritishi yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishmoqda.
– Tushuntirish va targ‘ibot ishlari natijasida, birgina joriy yilning o‘tgan fevral oyi mobaynida Qashqadaryo viloyatida 1 ming 168 nafar ishchi-xodimning faoliyati qonuniylashtirildi, – deydi boshqarma bo‘lim boshlig‘i Shodiyor Avazov. – Ishchi-xodimlarning rasmiy faoliyat yuritishi, ularni mehnat munosabatlarini qonuniylashtirilishi ishchining ish stajiga ega bo‘lishiga, uning ish jarayonida ijtimoiy himoyasi ta’minlanishiga zamin yaratadi.


Soliq islohotlari natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini hisoblab chiqarish va to‘lash tartibi soddalashtirildi. bugungi kunda mamlakatimizda daromad solig‘ining stavkasi 12 foiz miqdorda saqlab qolindi.
Xususan, Qarshi shahrida faoliyat yuritayotgan “Trans servis innovatsiya” mas’uliyati cheklangan jamiyati qurilish montaj ishlari bilan shug‘ullanadi. bugungi kunda 48 nafar ishchi xodim qurilish ishlarida qonuniy faoliyat yuritmoqda.


Masalan, korxonada ishlayotgan xodimning oylik maoshi 2 million so‘mni tashkil etsa, undan 12 foiz daromad solig‘i olinadi. Bu summa 240 ming so‘mni tashkil etadi. Xodimning “qo‘liga” tegadigan so‘m miqdori 1 million 760 mingni tashkil etadi.
Xulosa o‘rnida har bir fuqaro qayerda ishlamasin faoliyatini qonuniy rasmiylashtirishga harakat qilishi lozim. Bu esa kelajakda ularning pensiyaga chiqish vaqtida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni oldini olishga xizmat qiladi.
O‘.BAROTOV, O‘zA