Qatar elchisi Senat Raisi bilan uchrashdi
Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida
Qatar davlati axborot agentligi – “QNA” sahifalarida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva ushbu davlatning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Hasan Hamza Asad Muhammad Hoshim bilan uchrashgani batafsil yoritildi.
Nashr suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Qatar o‘rtasidagi munosabatning hozirgi holati va rivojlanish istiqboli muhokama qilinganiga to‘xtalgan. Xususan, tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni, parlamentlararo aloqani yanada mustahkamlashga e’tibor qaratgani qalamga olingan.
Ta’kidlash joiz, 2021 yil mart oyida Oliy Majlisning Qatar Davlati Maslahat Kengashi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi tuzilgan, 2022 yil martda esa Doxada ham “Qatar – O‘zbekiston” parlamentlararo do‘stlik guruhi ish boshlagan.
– Qatar parlamenti bilan sheriklikni rivojlantirish biz uchun ustuvor yo‘nalish, – dedi T.Norboyeva. – Shu nuqtai nazardan “do‘stlik guruhlari” va parlamentlarimiz tegishli qo‘mitalari o‘rtasidagi amaliy muloqotni faollashtirish o‘zaro munosabatni yangi mazmun bilan boyitish, hamkorlik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish imkonini beradi.
Diplomat, o‘z navbatida, Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning iyun oyida diyorimizga amalga oshirgan davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatga mutlaqo yangi ruh baxsh etganini ta’kidladi. O‘zbekiston Qatar uchun mintaqadagi asosiy hamkor ekanini alohida e’tirof etib, parlamentlararo aloqani rivojlantirish ahamiyatiga to‘xtaldi, yuqori darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlar muhimligini qayd etdi.
Muloqot davomida madaniy-gumanitar, ayniqsa, turizm sohasidagi hamkorlikni rivorjlantirish uchun keng imkoniyat mavjudligi ta’kidlanib, mazkur yo‘nalishda istiqbolli loyihalarni ko‘paytirish zarurligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi.
Uchrashuv yakunida xalqaro tashkilotlar doirasidagi sheriklik va o‘zaro tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga kelishib olindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA