Qatag‘on qurbonlari: O‘zbekiston tarixidagi eng katta fojia(+video)
1936-1938-yillarda ikki milliondan ortiq kishi qatag‘onga uchragan bo‘lsa, shulardan 725 ming kishi otishga hukm qilingan. Aslida, 5 oyga mo‘ljallangan mazkur qatag‘on 16 oy davom etdi.
31-avgust – Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni
2001-yil 1-mayda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Qatag‘on qurbonlarini yod etish kunini belgilash to‘g‘risida” gi Farmoni e’lon qilinib, unga muvofiq 31-avgust mamlakatimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni deb belgilangan.
Mustabid tuzum davrida xalqimizning ko‘zga ko‘ringan vakillari – davlat arboblari, adabiyot, madaniyat va san’at namoyondalar, ziyoli kishilar qatorida ko‘plab oddiy fuqarolar ham “xalq dushmani” tamg‘asi bilan jazolangan, qatag‘on qilingan. Ularning ortidan qolgan yaqinlari, oila a’zolari xo‘rlangan, azob-uqubatlarga giriftor bo‘lgan.
Erk va adolat uchun kurashgan ko‘plab vatandoshlarimiz Sibir surgunlarida, Stalinning avaxtalarida nom-nishonsiz ketgan. Mustamlakachilar ularning sharafli nomlariga qo‘shib qabrlarini, “vatan xoinlari”ning xayrixohlari sifatida qarindosh-urug‘larining ko‘pchiligini yo‘q qilib yuborgan.
Bugungi lavhamizda FA Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, professor Dilnoza Jamolova ishtirokida yurtimiz tarixidagi eng katta fojiaviy yo‘qotishlar, 1937-1938-yillarda "Katta terror" deya nom olgan mudhish hodisaning kelib chiqish sabablari, yurtimiz hurligi, vatan mustaqilligi yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan ajdodlarimizning qahramonliklari haqida batafsil suhbatlashdik.
Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA