Qashqadaryoda yana to‘rtta mahallada infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi
Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi yana to‘rtta mahallada aholining ustuvor ehtiyojlariga yo‘naltirilgan infratuzilma loyihalari amalga oshiriladi.
Bu O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi “Islom taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” (2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, loyihaning ikkinchi bosqichini amalga oshirish jarayonida mablag‘larning tejalishi hisobidan qamrovni kengaytirish imkoniyati yaratilgan. Natijada Koson tumanidagi yana to‘rtta mahalla loyiha tarkibiga kiritilib, ushbu hududlarda aholi uchun muhim bo‘lgan infratuzilma ob’ektlarini barpo etish rejalashtirilgan.
Navbatdagi bosqichda mahalla aholisi tomonidan ilgari surilgan takliflar texnik jihatdan o‘rganildi. Shundan so‘ng viloyat va tuman darajasidagi mutasaddi tashkilotlar hamda BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) loyiha jamoasi ishtirokida texnik muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda taklif etilgan subloyihalar tegishli tashkilotlarning ma’lumotlar bazalari bilan taqqoslanib, ularning boshqa davlat va hududiy dasturlar bilan takrorlanmasligi, amaldagi me’yoriy talablar hamda texnik yechimlarga muvofiqligi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, muhokamalar davomida subloyihalarni amalga oshirish bosqichlari, kutilgan natijalar va kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan fikr almashilib, keyingi ishlar bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Muhokamalarda Koson tumani hokimligi, viloyat va tuman mutasaddi tashkilotlari, loyiha doirasiga kiritilgan mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) loyihasi mutaxassislari hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” loyihasi qishloq hududlarida zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish, aholi turmush sifatini yaxshilash va mahalliy hamjamiyatlarning ustuvor ehtiyojlariga asoslangan barqaror taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri