Qashqadaryoda ham kitobxonlik haftaligiga start berildi
Sayido Nasafiy nomidagi Qashqadaryo viloyati axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston – kitobxonlar yurti” shiori ostida o‘tkazilayotgan respublika “Kitobxonlik haftaligi”ning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
21-25 aprel kunlari viloyatning barcha hududlarida kitobxonlar uchun turli tadbirlar, qiziqarli uchrashuv, bahs-munozaralar asosida haftalik o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad aholining kitoblarga bo‘lgan mehri va qiziqishini oshirish, bilimdon yoshlarni rag‘batlantirish, kichkintoylar qalbiga ilm-ma’rifatga mehr uyg‘otishdan iboratdir.

Tadbirning tantanali ochilishida so‘z olganlar vohada faoliyat olib borayotgan AKM, uy-kutubxonalar, maktab va mahallalardagi kutubxonalarda qariyb bir millionga yaqin kitobxonlarga xizmat ko‘rsatilayotganligi, eng quvonarlisi ularning soni kundan-kunga oshib borayotganligi haqida to‘xtalib, haftalik doirasida bo‘lib o‘tadigan tadbirlarda yoshlarni faol ishtirok etishga chaqirdi. Shuningdek, kitobning inson hayotida tutgan o‘rni va mamlakatimiz taraqqiyoti, uning ertangi kuni ilmli, tafakkurli yoshlar qo‘lida ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Haftalik doirasida o‘tkaziladigan tadbirlar haqida to‘planganlarga ma’lumot berildi. Tadbirda ishtirok etgan Qarshi ixtisoslashtirilgan boshlang‘ich raqs va san’at maktab internati o‘quvchilari hamda Qarshi madaniyat maktabi o‘quvchilarining chiqishlari barchada iliq taassurotlar qoldirdi.


Tashkil etilgan kitoblar ko‘rgazmasi to‘planganlarni yangi adabiyotlar bilan tanishtirishda alohida ahamiyat kasb etdi.
Haftalik davom etmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri