Qashqadaryoda 1,5 tonna yaroqsiz go‘sht yo‘q qilindi
Qashqadaryoda iste’mol bozoriga kirib kelayotgan mahsulotlar xavfsizligi borasida jiddiy muammo aniqlandi. Qariyb 1,5 tonna noma’lum go‘shtning hujjatsiz tashilishi ortida nimalar bor?
Iste’mol bozoriga kirib kelayotgan har bir oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi, avvalo, uning kelib chiqishi va sifatini tasdiqlovchi hujjatlar orqali nazorat qilinadi. Ayniqsa, go‘sht kabi tez buziladigan mahsulotlarda bu talabning ahamiyati yanada yuqori. Qashqadaryo viloyatida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirida ham ana shu masalaning qanchalik dolzarb ekanini ko‘rsatuvchi holat aniqlandi.
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani hududida o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbiri davomida transport vositasida go‘sht mahsuloti tegishli veterinariya hujjatlarisiz tashilayotgani ma’lum bo‘ldi. Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi xodimlari huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashinani belgilangan tartibda to‘xtatib, tekshiruvdan o‘tkazishganda uning salonida kelib chiqishi noma’lum bo‘lgan salkam 1.5 tonna go‘sht mahsuloti olib ketilayotgani aniqlandi. Haydovchi mahsulot uchun talab etiladigan va xavfsizligini tasdiqlovchi veterinariya hujjatlarini taqdim eta olmagan. O‘rganish davomida haydovchi mazkur go‘sht mahsulotlarini Koson tumani “Uzunquduq” MFY hududidan ortilgani, go‘shtning egasini tanimasligi va Toshkent shahriga olib ketayotganini ma’lum qilgan.

Mazkur mahsulotning iste’molga yaroqliligi va xavfsizligini aniqlash maqsadida Qashqadaryo viloyati Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi laboratoriyasiga tekshiruv uchun topshirildi. Tahlil natijasida aniqlangan yukning 1 236 kilogrammi yirik shoxli qoramol go‘shti, 174 kg esa ot go‘shti ekanligi aniqlangan. Laboratoriya xulosasiga ko‘ra, sanitariya qoidalariga zid ravishda tashilayotgan mazkur ikki turdagi go‘sht mahsulotlari iste’molga yaroqsiz deb topilgan.

Keyinchalik ushbu go‘sht mahsulotlarini belgilangan tartibda yo‘q qilish choralari ko‘rildi. Holat yuzasidan hozirda tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Sanjar Toshpo‘latov, O‘zA