“Qashqadaryo yosh baxshilari”
Chiroqchi baxshichilik san’atining darg‘alaridan biri, O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod shoir Tog‘ay o‘g‘li xotirasiga bag‘ishlanib, tuman madaniyat saroyida o‘tkazilgan “Qashqadaryo yosh baxshilari” tanlovi bayram tusini oldi.
Do‘mbirasi bo‘yiga bo‘yi yetmaydigan, ammo ko‘zlari chanqoq, qarashlari tiyran yosh baxshilarga nigohingiz tushishi bilan vujudingizni alanga chirmaydi. Birin-ketin sahnaga chiqib, do‘mbira chertib terma yoki xalq dostonlaridan parcha kuylashganda, ulkan saroyga jimlik cho‘kadi. Derazadan yopirilib, yuz-ko‘zingizga urilgan shamolning otashiga parvo qilmaysiz.
Tanlov boshlanishi oldidan filologiya fanlari doktorlari Damin To‘rayev, Nasim Ochilov, O‘zbekiston xalq baxshisi Abdumurod Rahimovlar xalq og‘zaki ijodining hayotbaxsh va badiiy yuksak qirralariga baho berib, Prezidentimizning tashabbusi bilan bu san’at turi bugun yangicha ohor kasb etganligi, bo‘y-basti tik tortib, qalb mahzaniga aylanganini mamnuniyat bilan ta’kidlashdi.
Ayniqsa, Chiroqchi baxshichilik maktabining alohida o‘rni borligi, Tog‘ay shoir Mahman o‘g‘li, Azim baxshi Xo‘jayev, O‘sar baxshi, Narzulla baxshi va shu kabi oqinlar terma-yu dostonlari bilan el nazariga tushganligini xotirlashdi.

Tanlov oldidan chiroqchilik ijodkor Norqizil Kengboyevning “Qashqadaryo baxshilari” kitobi taqdimoti ham bo‘ldi. Kitobda Qashqadaryoning 29 nafar baxshisi hayoti va ijodiga adabiy chizgilar berilgan. Kitob haqida so‘zga chiqqanlar iliq fikrlar bildirishdi.
Tanlovda har bir yosh baxshi ustoz baxshining “Biyigul” termasini zavq bilan kuylashdi. Yakunga ko‘ra esa, yosh baxshilar Bekjon Rahimov, Jaloliddin Abrayev, Nuriddin Rahimov, Shovdirbek Boyxo‘rozov, Javohir Jumayev, Sevinchxon Ismoilova va boshqalar sovrindor bo‘lishdi.Ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
– Shomurod buvamiz baxshilarning naqshilaridan biri edi, – dedi O‘zbekiston xalq baxshisi Abdumurod Rahimov. – Bugun uning izdoshlarini ko‘rib, sevinchim Amudaryodek toshdi. Bu an’ana yildan-yilga sayqal topishiga ishonaman.
O‘roz Haydar,
Yozuvchilar uyushmasi Qashqadaryo viloyat bo‘limi rahbari