Qarzdorning “Malibu”si xatlovga olindi
Majburiy ijro byurosi Uzun tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlararo sudining o‘tgan yil sentyabr oyidagi ijro hujjatida Uzun tumanida yashovchi Mahmud Toirov (ism-sharifi o‘zgartirildi )dan 74 million 726 ming so‘m kredit qarzdorligini undirish va undiruvni garov mulki hisoblangan “CHEVROLET MALIBU 2” avtomashinasiga qaratish belgilangan.
Ikkinchi holatda qarzdor bir yil muqaddam mazkur avtomashina bilan tumanning Serharakat mahallasi hududida tez harakatlanib, boshqaruvni yo‘qotgan va qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina bilan to‘qnashgan. Oqibatda avtomashina ichkarisida bo‘lgan fuqaroga ham moddiy zarar yetkazgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Uzun tuman sudining qarori bilan fuqaro foydasiga 5 million 555 ming so‘m miqdorida moddiy zarar undirish belgilangan bo‘lsa-da, bu qarzdorlik ham bartaraf etilmagan.
¬–Har ikki holat bo‘yicha MIB tuman bo‘limi olib borgan majburiy ijro harakatlari chog‘ida davlat ijrochisining qarori bilan avtomashinaga qidiruv e’lon qilindi,¬–deydi MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi katta inspektori Qobiljon Tursunov.¬– Tezkor qidiruv tadbirlari chog‘ida “CHEVROLET MALIBU 2” Uzun tumani Oqostona mahallasi hududidan topildi. Qarzdor avtomashinani ixtiyoriy topshirishni istamagani sababli maxsus evakuator yordamida jarima maydonchasiga olib kelindi.
Ayni paytda ushbu avtotransport vositasini sotuvga chiqarish yuzasidan tegishli ijro harakatlari davom ettirilmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri