Qarzdorlikni undirish doirasida garov mulklari xatlandi
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi tomonidan sud hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, boshqarma ish yurituvida bo‘lgan ijro hujjatiga asosan, tijorat banki foydasiga qarzdorlikni undirish choralari ko‘rildi. Aniqlanishicha, mas’uliyati cheklangan jamiyat va tijorat banki o‘rtasida tuzilgan shartnomaga muvofiq, jamiyat tomonidan 8 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari olingan.
Biroq, qarzdor tomonidan kredit mablag‘lari belgilangan muddatlarda qaytarilmagani sababli, bank tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan. Sud tomonidan qabul qilingan qarorga asosan, mazkur qarzdorlikni majburiy tartibda undirish bo‘yicha ijro harakatlari olib borilmoqda.
Ijro harakatlari davomida qarzdor jamiyatga tegishli bo‘lgan, garov sifatida rasmiylashtirilgan 11 ta xorijda ishlab chiqarilgan transport vositalari xatlandi va belgilangan tartibda ro‘yxatga olindi.
Shuningdek, ushbu ijro ishi doirasida avvalroq ham qarzdorlikni qisman qoplash maqsadida jamiyatga tegishli yana 5 ta transport vositasi xatlangani qayd etildi.
Hamroz Bayonov, O‘zA