Qarzdor yengil mashinasidan ayrildi
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Termiz tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan Termiz shahrida faoliyat yuritayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining biridan “O‘zmilliybank” AJ Surxondaryo viloyati filiali foydasiga 285 million so‘m kredit qarzdorligini undirish belgilanib, ijroga qaratildi.
Mazkur ijro hujjati yuzasidan Majburiy ijro byurosi Termiz shahar bo‘limi ijro harakatlariga kirishdi. Tadbirkor kredit qarzdorligini belgilangan ixtiyoriy vaqtda to‘lab berilmagach, jamiyatga tegishli “TRACER TRKAT” rusumli avtotransport vositaci xatlovga olindi. Elektron-onlayn auksion savdosiga chiqarilib, 157 million so‘mga sotildi. Shuningdek, majburiy ijro harakatlari chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida” gi qonunning tegishli moddalariga asosan qarzdor jamiyatning barcha hisob raqamlariga davlat ijrochisining qarori bilan band solinib, ijro qilish uchun inkassa topshiriqnomasi yuborilgach, qarzdorlik to‘liq undirib olindi.
Shu o‘rinda aytish lozimki, tijorat banklari tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun kredit mablag‘i ajratib, ularni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda. Mazkur mablag‘ni ikki tomonlama tuzilgan shartnoma shartlari asosida o‘z vaqtida qaytarish paysalga solinganida esa taraflar o‘rtasida kelib chiqqan nizo sud tomonidan ko‘rib chiqilib, tegishli qaror qabul qilinayotir.
Bunga “TRACER TRKAT” avtomashinasidan ajralgan tadbirkor ham yaqqol dalildir. Qarzdorlik to‘liq undirilgach, MIB Termiz shahar bo‘limi tadbirkorlik sub’ektiga nisbatan qo‘llagan barcha cheklov choralarini bekor qilib, ijro hujjatini belgilangan tartibda tugatdi.
Dadaxon Nazarov,
MIB Termiz shahar bo‘limi davlat ijrochisi