Qanday talabalarga yotoqxonalar imtiyozli beriladi? (+video)
O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali «Ta’lim krediti, ijara shartnomasi va yotoqxonalar» mavzusida o‘tkazilgan ovozli chatda talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash masalasi bo‘yicha berilgan savollarga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi ma’naviy-ma’rifiy ishlar boshqarmasi boshlig‘i Laziz Mingishov javob berdi.
— Talabalarni yotoqxonalar bilan ta’minlash masalasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
— Talabalarni turar joy bilan ta’minlash masalasi bugungi kunda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib turibdi. 2021 yilda talabalarni turar-joyga bo‘lgan ehtiyoji 41 foizi qoplangan bo‘lsa, 2022 yilga kelib 47 foizga qamrab olish rejalashtirilgan.
Bu yildan talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tizimi to‘liq raqamlashtiriladi. ttj.edu.uz platformasi yaratildi. Ayni kunlarda ushbu platformani to‘liq ishga tushirish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda. Ushbu platforma orqali talabalarni yotoqxonaga joylashtirish tizimi shaffof va adolatli bo‘ladi. Platforma barcha talabalarga belgilangan mezonlar bo‘yicha ketma-ketlikda joy ajratilayotganligidan xabardor bo‘lib turish imkonini beradi. Shuningdek, ushbu platformaning Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Moliya vazirligi, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyalashganligi turli xil qalbaki hujjatlar topshirilishiga yo‘l qo‘ymaydi.
— Qanday talabalarga imtiyozli ravishda yotoqxonalar beriladi?
— Dastlab o‘qiydigan kursidan qat’i nazar, chin yetim talabalarga, mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilariga, nogironligi mavjud talaba o‘quvchilar, ijtimoiy himoyaga muhtoj, moddiy ahvoli og‘ir talabalarga beriladi. Shuningdek, bitta oilada 2 ta yoki undan ortiq shaxs to‘lov shartnomasi asosida yoki xorijdan kelib o‘qiyotgan, 1-2 kurs talabalari, talaba o‘quvchi yoki talaba qizlar, yoshlar ittifoqi faollari, xalqaro miqyosdagi fan olimpiadalari g‘oliblari, talabalar kengashi raislari, sardorlar, faollik ko‘rsatgan talabalarga ko‘rsatilgan mezonlar bo‘yicha talabalar turar-joyiga qabul qilinadi.
<iframe width="1280" height="720" src="https://www.youtube.com/embed/ugotNq-JyaU" title="Qaysi talabalarga yotoqxonalar imtiyozli beriladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova. N.Abduvoitov (video), O‘zA