Qalblarni birlashtirgan - san’at
Toshkent shahridagi Pavel Benkov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan rassomlik maktabida XII Xalqaro Turkiy dunyo madaniyati, san’ati, tasviriy san’ati, she’riyati va musiqasi festivali doirasida “Dunyoni san’at asraydi” nomli xalqaro ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur madaniy anjuman turkiy xalqlarning boy ma’naviy merosi, san’at va madaniyat sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi. Ko‘rgazmada Turkiyaning taniqli rassomi Banu Davun, Ozarbayjonning mashhur ijodkori Nevai Metin hamda o‘zbekistonlik rassomlar Erkin Orol, Mas’ud Xolov, Alisher Xamdamov, Murod O‘rmonov, Dilshod Nur, Sarvar Yo‘ldoshev hamda maktab o‘qituvchilari, o‘quvchilari turli janrlarda yaratilgan asarlari namoyish etildi. Tadbir yuqori saviyada tashkil qilinib, unda fan, madaniyat, adabiyot va san’at sohasi vakillari, ijodkorlar, talabalar hamda san’at muxlislari ishtirok etdi.
Ko‘rgazma mehmonlarga turkiy xalqlar madaniyati va tarixi bilan bog‘liq noyob badiiy asarlar orqali yaqindan tanishish imkonini berdi. Turkiyalik rassom, grafik va san’atshunos olima Banu Davun o‘z asarlarida qadim sivilizatsiyalar izlari, tarixiy voqealar va insonning o‘tmish bilan bog‘liq xotiralarini badiiy talqin etadi. Rassomning ko‘rgazmada namoyish etilgan asarlarida qoyatoshlarga bitilgan qadimiy belgilar, ov sahnalari, kiyiklar tasviri hamda qadimgi podshohliklar davriga oid manzaralar o‘ziga xos badiiy yechimda aks etgan.
Ozarbayjonlik taniqli rassom, grafik dizayner va madaniyat faoli Nevai Metinning ijodi ham ko‘rgazma qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. U portret, peyzaj, natyurmort va grafika janrlarida samarali ijod qilib kelmoqda. Rassom asarlarida milliy qadriyatlar, turkiy dunyo tarixi va madaniyati, inson ruhiyati hamda yorug‘lik falsafasi muhim o‘rin tutadi.
Nevai Metin nafaqat rassom, balki shoir, kitoblar uchun muqova va grafik dizayn ishlarini yaratish bilan ham shug‘ullanadi. Uning fikricha, madaniyat va san’at xalqlarni birlashtiruvchi, millatlar o‘rtasidagi ma’naviy ko‘priklarni mustahkamlovchi beqiyos kuchdir. Ko‘rgazma davomida namoyish etilgan asarlar san’atning chegara bilmas qudratini, turli xalqlarni umumiy madaniy qadriyatlar atrofida birlashtira olish salohiyatini yana bir bor namoyon etdi. Zero, inson qalbiga ezgulik, go‘zallik va ma’rifat urug‘ini sepuvchi san’at haqiqatan ham dunyoni asraydigan buyuk kuchdir.
San’atshunos Munira Ramazonova, Doniyor Yakubov,
Salim Obidjonov (+video) , O‘zA